UrDU ta’lim dasturlari ASIIN akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash borasida muhim natija qayd etildi. Germaniyaning nufuzli xalqaro akkreditatsiya tashkiloti — ASIIN bilan tuzilgan shartnoma doirasida oliygohning qator ta’lim dasturlari kompleks ekspertizadan o‘tkazildi.
2025-yil noyabr oyida boshlangan akkreditatsiya jarayonida universitetning o‘quv rejalari, ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda moddiy-texnik bazasi xalqaro talablar asosida atroflicha tahlil qilindi. Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, 2026-yil 17-aprel kuni Akkreditatsiya komissiyasi tomonidan barcha taqdim etilgan ta’lim dasturlari ijobiy baholandi.
Xususan, matematika va fizika sohalari bo‘yicha bakalavriat hamda magistratura bosqichlaridagi quyidagi yo‘nalishlar xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi:
– matematika va amaliy matematika bakalavriat dasturlari;
– fizika bakalavriat dasturi;
– matematika, fizika hamda matematik injiniring magistratura mutaxassisliklari.
Mazkur yutuq universitetda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni joriy etish va kadrlar tayyorlashni xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy samarasidir.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, xalqaro akkreditatsiya natijalari oliy ta’lim muassasasining nufuzini mustahkamlash, talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda ta’lim xizmatlarini jahon bozorida raqobatbardosh qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA