Xorazmdagi o‘zgarishlar O‘zA jurnalistlari nigohida
“O‘zA kunlari” loyihasi doirasida agentlik jurnalistlari Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Urganch shahridagi “IMZO GLASS KHOREZM” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
"Imzo" brendi ostida faoliyat yurituvchi jamiyat nafaqat viloyatda, balki respublika miqyosidagi eng zamonaviy va yirik toblangan oyna, deraza va eshik romlari ishlab chiqaradigan korxonalardan biridir.

Umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lgan korxona yiliga 300 ming kvadrat metr qayta ishlangan shisha oyna hamda 200 ming kvadrat metr deraza va eshik romlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
—Liniyalarimizning ishga tushirilganiga olti oy bo‘ldi, —deydi korxona rahbari Shayxnazar Abdalniyozov. – Biz oynani toblash orqali uning chidamliligi va tiniqligini oshiramiz. Qirq turdan ortiq zamonaviy qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarayapmiz. Mahsulotlarimizdan asosan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qurilish ob’ektlarida foydalanilmoqda. Tez orada Turkmaniston va Qozog‘iston Respublikalariga eksportni yo‘lga qo‘yamiz. Keyingi yildan oynani qayta ishlash hamda rom ishlab chiqarish liniyalarimiz alohida korxonalarga ajraladi. Natijada hozir korxonamizda mehnat qilayotgan 120 nafar ishchining soni ikki barobar ko‘payadi..

Shuningdek, agentlikning ijodiy guruhi “Al-Xorazmiy” massivida ham bo‘lib, ushbu hududda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirishdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2022-yil avgust oyidagi tashrifi chog‘ida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qo‘ygan edi.
Bir yuz o‘ttiz gektar maydonda barpo bo‘layotgan ushbu majmua kelgusida shunchaki turarjoy emas, balki ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan yaxlit ekotizimiga ega bo‘lgan “aqlli shahar” (smart city) bo‘ladi.

Sun’iy intellekt asosida boshqariladigan energiya tejamkor texnologiyalar, videokuzatuv va xavfsizlik tizimlariga ega shaharda Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etiladi. Uning qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Ularda o‘qigan yoshlar shaharchada bunyod etiladigan ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat ko‘rsatadi.
—Shaharchada texnopark va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar qurilishi davom etmoqda, —dedi “Al-Xorazmiy” majmuasini barpo etish va saqlash direksiyasi” davlat unitar korxonasi rahbari Sherzod Ollaberganov. – Bunyodkorlik ishlariga minglab texnika va quruvchi mutaxasislar jalb etilgan. Hududda 5 ming xonadonli 104 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etish rejalashtirilgan. Hozir ularning 92 tasi foydalanishga topshirildi. Natijada 3500 aholi uy-joy bilan ta’minlandi. Markaziy kanalizatsiya va boshqa infratuzilma tarmoqlari ishga tushirildi. Inshootlarning barchasi “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanmoqda.

Darhaqiqat, shaharchada bugun bunyodkorlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Shaharcha markazida Abdulla Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy sayilgohi bo‘lib, buyuk allomaning mahobatli haykali ham o‘rnatiladi. Bu maskan kelgusida “Urganch” xalqaro aeroportidan chiqqan har bir insonning ko‘zini quvnatib turadi.
—Zamonaviy shaharcha bilan tanishar ekanmiz, bu yerda juda katta ko‘lamda bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligining guvohi bo‘ldik, —deydi agentlik bosh muharriri Sherali Otaboyev. – Buyuk alloma Al-Xorazmiy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida barpo etilayotgan majmua ilm- fan klasteri bo‘ladi. Yangi zamonaviy oliy ta’lim muassasasi, IT-parklar, laboratoriyalar va yosh olimlar uchun tadqiqot maydonchalari, ta’limning uzluksiz zanjirini yaratish uchun bog‘chadan tortib, yuqori texnologiyali maktablargacha bo‘lgan muassasalar— bularning barchasi mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, yoshlar uchun “startap”lar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, IT-tadbirkorlikni rivojlantirish uchun muhit yaratadi. O‘zA jamoasi bu o‘zgarishlarni maxsus materiallar, video va fotoreportajlar shaklida doimiy ravishda yoritib boradi.
“O‘zA kunlari” loyihasining ikkinchi kunida agentlik jurnalistlari Xiva shuhridagi “Arda Xiva” zamonaviy sayyohlik majmuasi, Nurillaboy saroyi va Ichan qal’a kabi qadimiy manzillarda bo‘lib, tarihiy obidalar va asori atiqalar bilan tanishishdi.
Ijodiy guruhning ilk manzili “Arda Xiva” zamonaviy sayyohlik majmuasi bo‘ldi. Bu yerda inson ko‘zini quvontiradigan jihat shundaki, majmua o‘zida eng so‘nggi me’morchilik yutuqlarini jamlagan bo‘lsa-da, Xorazmning milliy ruhi va o‘ziga xos koloritini saqlab qolgan.
Bu yerdagi sharoitlar viloyatning turizm salohiyati naqadar yuksalayotganidan dalolat beradi. Safarning keyingi nuqtasi Nurillaboy saroyi bo‘ldi.
Saroy ayvonlaridagi nafis o‘ymakorlik namunalari va Xiva xonligi davriga oid me’moriy yechimlar har bir ijodkorni chuqur mushohadaga chorlaydi.
Bu yerda Sharqning sirli nafosati G‘arbning mumtoz uslublari ila shu qadar ustalik bilan birlashganki, go‘yoki saroy devorlari o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi oltin ko‘prikka o‘xshaydi. Jurnalistlar saroyning har bir xonasida saqlanib qolgan tarixiy asori-atiqalarni ko‘zdan kechirar ekan, ajdodlarimizning yuksak didi va madaniyatiga yana bir bor tan berishdi.
—Ochiq osmon ostidagi muzey- shahar "Ichan qal’a" darvozalaridan ichkariga kirgan odam xayolan o‘tmishga sayohat qilishi shubhasiz, — deydi Media markaz rejissyori Yoqubjon Meliboyev. — Ko‘hna minoralar, moviy koshinlar va tor ko‘chalarning har bir toshida asrlar silsilasining izi qolgan. Ko‘hna ark, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Xudoyberdi Devonov muzeyi va boshqa manzillarda bo‘lgan kishi o‘zi uchun beminnat ma’naviy ozuqa olishi mumkin. Tarixni bilmay turib, bugunning qadriga yetish, kelajakni qurish mumkin emas. Xorazm tuprog‘idagi har bir qadimiy manzil bizga ana shu oddiy, ammo buyuk haqiqatni eslatib turadi.
Agentlik ijodkorlari sayohat davomida nafaqat obidalarni tomosha qilishdi, balki moziy nafasini his etib, milliy merosimizni saqlash va uni dunyoga targ‘ib qilish borasida yangi rejalarni ham mukammallashtirishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA