Xotin-qizlarning ilm-fandagi faolligi ortib bormoqda
Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni, deb belgilangan.
Shu munosabat bilan yurtimizda 10-15 fevral kunlari “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida tadbirlar tashkil etilmoqda.
Haftalikning kimyo sohasidagi ilk tadbiri D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialida o‘tkazildi.

Olimlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar, “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining mutaxassislarini jamlagan ushbu tadbirda xotin-qizlarning ilm-fan va kimyo sohasidagi yutuqlari sarhisob qilindi. Shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Panel sessiyalarida olima ayollar o‘z yutuq va tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, xotin-qizlarning ilm-fandagi ishtiroki, barqaror rivojlanish va innovatsiyalar jarayonida ularning o‘rni kabi dolzarb masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi.

“O‘zkimyosanoat” AJ mutaxassisi Sanobar Abdurahmonovaning qayd etishicha, xotin-qizlarning ilm-fandagi ishtiroki bugungi kunda nafaqat ularning shaxsiy rivojlanishi, balki jamiyat taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.
– Bizning asosiy maqsadimiz yosh qizlarni ilmiy izlanishlarga qiziqtirish, ularga mutaxassislik sohasida o‘sish va rivojlanish uchun imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar yosh avlodga ilmiy faoliyatda o‘z o‘rnini topishda qo‘l keladi. Shuningdek, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va yangi g‘oyalarni ilgari surish uchun mustahkam platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi uchrashuvda ham ayol olimalar o‘z yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi, yangi tadqiqotlar haqida fikr almashdi. Bu esa kelajakda fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan ayollar safini kengaytirishga yordam beradi, – dedi u.

Tadbirda “yashil” kimyo va ishlab chiqarish jarayonlaridagi innovatsiyalar muhokamasiga ham keng urg‘u berildi Unda yosh olimalar va talabalar o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdi.
Xususan, biodizelning qiyosiy tahlili, katalizatorlarni qayta ishlash, glyutensiz mahsulotlar bozoridagi tendensiyalar kabi mavzular ishtirokchilarning katta qiziqishini uyg‘otdi.
Ahamiyatlisi, ushbu tadbir norasmiy muloqot, tajriba almashish va yangi kasbiy aloqalar o‘rnatish uchun muhim maydonga aylandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA