Xonobodda kulgi sayli
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Xonobod shahrida o‘zbek milliy san’atining ulug‘ darg‘alaridan biri, betakror iste’dod sohibi, O‘zbekiston xalq artisti Soyib Xo‘jayev tavalludining 116 yilligiga bag‘ishlanib, “Inson aziz, xotirasi muqaddas” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Xotira va qadrlash kuni oldidan Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi hamda Xonobod shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida askiyachi, qiziqchi va miniatyura teatrlari jamoalarining an’anaviy viloyat ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Kulgi saylida Soyib Xo‘jayevning farzandlari, oila a’zolari, qiziqchilik, askiya va miniatyura san’ati ixlosmandlari, respublikamizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.

Ko‘rik-tanlovda viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi madaniyat markazlari qoshida faoliyat yuritayotgan yosh askiya va qiziqchilik jamoalari, viloyat teatrlarining el ardog‘idagi taniqli qiziqchilari o‘zlarining iste’dod va mahoratlarini namoyish etdi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, askiya yo‘nalishida Qo‘rg‘ontepa tumani madaniyat bo‘limi qoshidagi Abdulhay maxsum Qozoqov nomli askiya mahorat maktabi jamoasi, qiziqchilik yo‘nalishida taniqli so‘z ustasi G‘ayrat Ahmedov, miniatyura yo‘nalishida esa Baliqchi tumanidagi “So‘taqozi” xalq miniatyura teatri jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


Ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.