Xitoydagi qadimiy qishloq devorsiz galereyaga aylandi
Xitoyning Guychjou provinsiyasidagi qadimiy Xunszyan qishlog‘ida XIX xalqaro «Rang-barang Guychjou» fotoko‘rgazmasi hamda ilk «Yer san’ati mavsumi» ochildi.
FOTOREPORTAJ
28-sentabr kuni boshlangan madaniy tadbirda Xitoyning turli hududlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlardan fotograflar, rassomlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihati shundaki, fotosuratlar an’anaviy ko‘rgazma zallarida emas, balki Xunszyan qishlog‘idagi qadimiy uylar devorlari, hovlilar va ko‘chalarda namoyish etilmoqda. Shu tariqa, butun qishloq ochiq osmon ostidagi o‘ziga xos galereyaga aylangan.
Ekspozitsiyadan Guychjouning betakror tabiati, tog‘lari va daryolari, milliy an’analari, aholi turmush tarzi aks etgan suratlar bilan bir qatorda zamonaviy hayot, madaniyat, sport va turizmga bag‘ishlangan fotosuratlar ham o‘rin olgan. Tadbirda qariyb 10 ta mamlakat va hudud vakillari ishtirok etib, mingdan ortiq fotosurat va fotoseriyalar namoyish etilmoqda.
Xunszyan qishlog‘ida tarixiy binolarni asrab-avaylash va ulardan zamonaviy maqsadlarda foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’mirlangan ayrim inshootlarda ko‘rgazmalar, ijodiy uchrashuvlar va madaniy tadbirlar o‘tkazilayapti.
[gallery-31816]
Qadimiy qishloqda yo‘lga qo‘yilgan bunday yondashuv turizmni rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Tashrif buyuruvchilar bu yerda fotoko‘rgazmani tomosha qilish bilan birga, tarixiy me’moriy inshootlar, mahalliy hunarmandchilik va aholi turmush tarzi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega.
Tadbirning yana bir muhim jihati — turli mamlakatlar vakillari o‘rtasida madaniy muloqot uchun maydon yaratilganidir. Xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston fotograflarining ijodiy ishlari ham ko‘rgazmadan o‘rin olgan.
Xunszyan tajribasi tarixiy merosni asrab-avaylash bilan birga, zamonaviy san’at va turizmni uyg‘unlashtirish orqali qadimiy qishloqlarni madaniy va sayyohlik maskaniga aylantirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA