Saudiya Arabistonida Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan maqola chop etildi
Saudiya Arabistonida nashr etiladigan «Fikr» madaniy jurnalining 2026-yil 24-sentabrdagi 48-sonida Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
«Abdulla Qodiriy: arab olamida yangramagan O‘zbekiston ovozi» deb nomlangan maqolani Muhammadrizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori, Saudiya Arabistonida yashovchi tarjimon va olim Said Mahmud Said Mubashir yozgan.
Maqolada Markaziy Osiyo adabiyoti boy va o‘ziga xos bo‘lishiga qaramay, arab kitobxonlari uchun hanuz yetarlicha tanish emasligi ta’kidlangan. Muallif Abdulla Qodiriyni arab dunyosida qayta kashf etilishi lozim bo‘lgan muhim adiblardan biri sifatida e’tirof etadi.
Abdulla Qodiriy o‘zbek zamonaviy romanchiligining asoschilaridan biri sifatida taqdim etilgan. Uning murakkab tarixiy davrda yashagani, jamiyatdagi muammolar va xalq dardini o‘z asarlarida aks ettirgani haqida so‘z yuritiladi.
Maqolada adib ijodiga jadidlar harakati g‘oyalari katta ta’sir ko‘rsatgani ham qayd etilgan. Jadidlar ta’limni isloh qilish, zamonaviy ilm-fanni joriy etish, matbuot, tarjima va teatrni rivojlantirishga intilgani ta’kidlanadi.
«O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlari Abdulla Qodiriyning o‘zbek adabiyotidagi yuksak mavqeini belgilab bergan asarlar sifatida tilga olinadi.
Ayniqsa, «Mehrobdan chayon» romaniga alohida e’tibor qaratilgan. Asar oddiy muhabbat qissasi emas, balki Qo‘qon xonligining so‘nggi davridagi siyosiy va ijtimoiy hayotni aks ettirgan muhim badiiy asar sifatida baholanadi. Romanda tarixiy voqealar, ijtimoiy tanqid va badiiy tasvir uyg‘unlashgani uning adabiy va tarixiy qiymatini oshirgani ta’kidlanadi.
Maqolada Abdulla Qodiriyning «Katta qatag‘on» davridagi fojeali taqdiri ham yoritilgan. Adibning hibsga olinishi va 1938-yilda qatl etilgani, qatag‘onlar esa o‘zbek adabiyoti va milliy tafakkurining ko‘plab namoyandalariga katta zarba bergani qayd etilgan.
Muallif Abdulla Qodiriyning ahamiyatini faqat buyuk romannavis bo‘lgani bilan izohlamaydi. Uning fikricha, Qodiriy Markaziy Osiyoda eski dunyo yemirilib, yangi dunyo shakllanayotgan murakkab davrning adabiy guvohi ham bo‘lgan.
Maqolada «Mehrobdan chayon» romanining arab tiliga tarjima qilingani ham alohida qayd etilgan. Asar 2024-yilda Ar-Riyodda arab tilida nashr etilgan. Ushbu tarjima 2025-yilda O‘zbekistonda ijodiy tarjima yo‘nalishida Muhammadrizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.
Maqola yakunida o‘zbek adabiyoti arab madaniy muhitida hanuz kam tanilgani, Abdulla Qodiriy asarlari esa arab kitobxonlariga o‘zbek adabiyotining boy va o‘ziga xos olamini kashf etish uchun muhim imkoniyat berishi ta’kidlangan.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi qaroriga muvofiq, har yili oktabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda «Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi» sifatida nishonlanadi. Aynan shu davrda Abdulla Qodiriy ijodining Saudiya Arabistoni matbuotida yoritilishi adib merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
N.Usmonova, O‘zA