Xitoyda transport inqilobi: Yanszi daryosi ostida temir yo‘l qurilmoqda
Bugungi kunda jahonda infratuzilmaviy rivojlanish global iqtisodiyotning muhim harakatlantiruvchi omillaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish orqali mamlakatlar o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirib, barqaror taraqqiyotni ta’minlashga intilayotir. Shu ma’noda, Xitoy Xalq Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar alohida e’tiborga molik.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda “O‘n beshinchi besh yillik” dasturi doirasida Yanszi daryosi osti orqali o‘tadigan yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi jadal olib borilmoqda. Ushbu yirik infratuzilma loyihasi mamlakatning transport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilyapti.
Hozir Yanszi daryosining quyi qismida ulkan tunnel qurilishi ishlari yuqori sur’atlarda davom etmoqda. Loyiha doirasida dunyodagi eng yirik shitli qurilmalardan biri ishga jalb qilingan bo‘lib, u daryo tubida taxminan 14 kilometr uzunlikdagi tunnelni barpo etadi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, zamonaviy intellektual boshqaruv tizimlari bilan jihozlangan mazkur texnika yuqori aniqlikda ish olib borish imkonini beradi.

Yangi temir yo‘l tarmog‘i Shanxaydan Chendugacha cho‘zilib, umumiy uzunligi qariyb 2000 kilometrni tashkil etadi. U mamlakatdagi uch yirik shahar aglomeratsiyasini bog‘lab, iqtisodiy faollikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Loyihaning umumiy qiymati 500 milliard yuandan ortiq bo‘lib, u qo‘shni sohalarda qo‘shimcha qiymatning sezilarli o‘sishiga zamin yaratadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur transport yo‘lagi orqali sanoat, logistika va innovatsion tarmoqlar o‘rtasidagi integratsiya yanada chuqurlashadi. Shuningdek, temir yo‘l liniyasi bo‘ylab joylashgan shahar va hududlarda yangi iqtisodiy imkoniyatlar shakllanadi, kichik shaharlar ham yuqori tezlikdagi transport tizimiga ulanadi.
E’tiborlisi, bu kabi yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Xitoyning ichki taraqqiyoti, balki xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari doirasida transport hamda logistika sohasida qator istiqbolli tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish orqali tabiiy to‘siqlar qulay kommunikatsiya yo‘llariga aylantirilmoqda. Bu esa mintaqaviy taraqqiyotni jadallashtirib, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA