Isroil G‘azoga yo‘l olgan xalqaro insonparvarlik flotini to‘xtatdi
G‘azoga insonparvarlik yordami olib ketayotgan xalqaro flotiliya O‘rta yer dengizida Isroil harbiylari tomonidan to‘xtatildi.
Ta’kidlanishicha, “Global Sumud Flotilla” nomli xalqaro insonparvarlik floti tarkibida turli mamlakatlardan kelgan faol ko‘ngillilar, shifokorlar va inson huquqlari himoyachilari bo‘lgan. Ularning maqsadi G‘azodagi aholiga birinchi navbatda zarur bo‘lgan yordamlarni yetkazish bo‘lgan.
“Al Jazeera” yozishicha, xalqaro suv hududida harakatlanayotgan flotiliyani Isroil harbiy-dengiz kuchlari dronlar va harbiy kemalar yordamida o‘rab olgan. Natijada bir nechta kemalar bilan aloqa uzilgan.
Flotiliya vakillari Isroil harbiylari kemalarga yaqinlashib, to‘xtashni buyurgani va ayrim holatlarda qurol bilan tahdid qilganini aytmoqda.
Isroil tomoni bu operatsiyani xavfsizlik chorasi sifatida izohlab, flotiliya G‘azoga yetib borishdan oldin to‘xtatilganini ma’lum qildi. Tashkilotchilar esa bu holatni xalqaro suvda fuqarolik kemalariga qarshi noqonuniy aralashuv deb baholab, insonparvarlik yordami to‘xtatilganini ma’lum qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA