Xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
Buxoro davlat universitetida yuqori malakali kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Buxoro davlat universitetida yuqori malakali kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz va xorijlik olimlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi bu borada muhim ahamiyat kasb etib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, yetuk mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Konferensiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish yo‘llari, zamonaviy ta’lim texnologiyalarining ta’lim sifatini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda kasb tayyorgarligini takomillashtirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Buxoro davlat universitetining salohiyati yildan-yilga oshayotir. Bu yerda 1990-yilda 16 yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlangan bo‘lsa, ayni paytda 36 yo‘nalish bo‘yicha 6 mingdan ortiq talaba, 14 mutaxassislik bo‘yicha magistrlar tahsil olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida universitet huzurida Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridagi 12 oliy o‘quv yurti pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazda fanlarning dolzarb masalalari, axborot kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalaridan foydalanish, xorijiy tillarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Buxoroda professor-o‘qituvchilar hamda ta’lim sohasi rahbar kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi menda katta taassurot qoldirdi, – deydi London universiteti professori Xose Xinnes Mora (Buyuk Britaniya). – Ushbu tizim zamonaviy ta’limning barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan. Mazkur tajribani xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim tizimida ham joriy etish foydadan xoli bo‘lmaydi.
– Oliy ta’limning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyosdir, – deydi Alikante universiteti xalqaro hamkorlik loyihalar markazi direktori Roberto Eskarre (Ispaniya). – Aynan intellektual salohiyat mamlakat kelajagini belgilab beradi. O‘zbekistonda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu masala Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq. Mamlakatingizda yalpi ichki mahsulot hajmi 2030-yilga borib kamida ikki barobar o‘sishi ta’minlanishiga shubha yo‘q. O‘zbekistonda xalqaro andozalarga javob beradigan, ishlab chiqarishni mukammal boshqaradigan mutaxassis kadrlar va iqtisodiyot ravnaqiga yo‘naltirilgan yangi g‘oya va ishlanmalarni yaratuvchi ilmiy salohiyatli yangi avlod paydo bo‘layotgani buning yaqqol dalilidir.
Universitet “Tempus” va “Erazmus Mundus” xalqaro ta’lim dasturlari doirasida ko‘plab loyihalarhamkori hisoblanadi. Mazkur loyihalar asosida professor-o‘qituvchilarning kasb tayyorgarligini oshirish orqali ta’limda sifat ta’minoti tizimini yaxshilash, oliy ta’limda boshqaruv mahoratini rivojlantirish, jamiyat va ishlab chiqarish talablaridan kelib chiqqan holda, o‘quv dasturlarini takomillashtirish masalalari ustida ish olib borilmoqda. Buning samarasida "Ta’limda sifat ta’minoti markazi", "Turizmda innovatsion tadqiqotlar markazi", “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi o‘quv-ilmiy markazi” tashkil qilindi. Ushbu loyihalar bo‘yicha talaba, magistrant, ilmiy tadqiqotchi hamda professor-o‘qituvchilarning Yevropaning yetakchi universitetlari bilan akademik almashinuvlari yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida universitetda xalqaro aloqalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda ingliz tilini eng yangi o‘quv dasturlari bilan o‘qitishga tayanadigan namunaviy talabalar guruhlarini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida universitetda o‘nga yaqin fanlar ingliz tilida o‘qitilayotir.
Tadbir doirasida universitetning rekonstruksiya qilingan 3 ming 450 o‘rinli o‘quv va 1650 o‘rinli talabalar turar joyi binolari foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.