«Welcome to Bustanlik» xalqaro milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tdi
Xorijlik mehmonlarning ta’rificha, o‘zbek taomlari dunyo bo‘yicha eng mazali va foydalidir. Ayniqsa, ular taomlarimizdan – palov, qaynatma sho‘rva, tandir go‘sht, somsani sevib iste’mol qiladi.
Shu sababli, sayyohlar mamlakatimizga keldimi, albatta, o‘zbek palovini tanovvul qilmasdan, yurtiga qaytmaydi.
Yaqinda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan «Welcome to Bustanlik» xalqaro milliy taomlar festivalida ham sayyohlar milliy taomlarimizni yaxshi ko‘rib, iste’mol qilishini ta’kidladi.
– Yurtingiz tabiati va milliy taomlari menga juda-juda manzur bo‘ldi. Palovni tanovvul qilib ko‘rish orzuim edi. Bo‘stonliqda meni palov bilan siylashdi, –dedi suhbat chog‘ida xorijlik sayyoh Nadejda Ivanova.
O‘ziga xos bayramano tus olgan milliy taomlar namoyishda ishtirokchilar bilan birin-ketin suhbatda bo‘ldik.
– «Welcome to Bustanlik» xalqaro milliy taomlar festivali mahalliy va xorijlik ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlagani bizni quvontirdi. Bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 30 dan ortiq milliy taom tayyorlandi. Unda viloyatimizdagi 22 tuman va shaharlardan milliy taomlar, jumladan, o‘zbek palovi, So‘qoq kabobi, etnik taom – kalla-pocha, norin, hasip, manpar, tandir kabob, somsa va boshqa ko‘plab taomlar namoyish etildi.
Festivalda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus Respublikasi, shuningdek, mamlakatimizning viloyatlaridan kelgan mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 9,5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi, – dedi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Bobojonov.
[gallery-8351]
Festivalda “Beg‘ubor” xalq ansamblining kuy-qo‘shiqlari ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Jamoaning qozoq va o‘zbek tilidagi kuy-qo‘shiqlari barchaga manzur bo‘lib, ularni davomli qarsaklar bilan olqishladi.
Bo‘stonliq tumanidagi 31-maktab musiqa fani o‘qituvchisi Jarqinoy O‘rmonova rahbarlik qilayotgan ushbu ansambl jamoasi maktab o‘quvchilaridan iborat bo‘lib, bugungi kunda ular o‘z muxlislariga ega.
– 2016 yildan boshlab Bo‘stonliq tumanidagi 31-maktabimizda “Beg‘ubor” dutorchilar ansamblini tashkil qildik. 2019 yilda Jizzax viloyatidagi Qozoq madaniyat markazining ochilishida ishtirok etdik. Ushbu tantanali tadbirda biz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldik. Bu uchrashuv biz uchun ulkan yutuqlarga erishishimizda katta turtki bo‘ldi. Ansamblimizga “Xalq ansambli” unvoni berildi. 2020 yilda bir qator mahalliy va xalqaro tanlovlarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etdik.
Milliy taomlar festivalida qozoq va o‘zbek millatlarining kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘lganimizdan behad xursandmiz, – dedi J.O‘rmonova.
Navbatdagi suhbatdoshimiz – Malika Ergasheva. U Ohangaron tumanidagi “Ohangrabo” folklor etnografik jamoasining rahbari va ushbu yo‘nalishdagi qo‘shiqlar ijrochisi hamdir.
– Mazkur festivalda ishtirok etib, bir olam taassurotlarga ega bo‘ldik. Ko‘p qatori bo‘laylik deya, ham ashulalar aytib mehmonlarni kutib oldik, ham milliy taomlarimizni namoyish etdik. Ohangaron tumani milliy taomlarini mehmonlarga tortiq qildik, – dedi M.Ergasheva.
Kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslarga ulangan festival yakunida ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA