Indoneziya telekanalida O‘zbekiston buyuk allomalar yurti sifatida e’tirof etildi
Keyingi yillarda Indoneziya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosi, ayniqsa, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasiga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortib bormoqda.
Mamlakatning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston tarixi, madaniyati va bugungi taraqqiyoti haqidagi materiallar muntazam ravishda yoritilmoqda. Bu esa yurtimizning xalqaro miqyosdagi ijobiy imiji yanada mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Jumladan, Indoneziyaning mashhur “Garuda TV” telekanalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Ushbu dasturlar mamlakatimizning Janubi-sharqiy Osiyodagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ko‘rsatuvlarda mamlakat nafaqat qadim sivilizatsiya markazi, balki islom ilm-fani taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan buyuk allomalar yurti sifatida keng yoritildi. Ayniqsa, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosiga alohida e’tibor qaratildi.
Materialda Imom Buxoriyning hadis ilmini rivojlantirish va tizimlashtirishdagi xizmatlari, uning mashhur “Al-jome’ as-sahih” asari orqali islom olamida mustahkam ilmiy asoslar yaratgani tahlil qilindi va ta’sirchan tarzda bayon etildi.
Shu bilan birga, Imom Buxoriy maqbarasi nafaqat ziyoratgoh, balki butun musulmon dunyosi uchun muhim ma’naviy va ilmiy markaz sifatida talqin etildi. U yerda olib borilayotgan tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va ziyorat turizmining rivoji ham alohida ta’kidlandi.

Teledasturda Samarqand shahri jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilindi. Xususan, Amir Temur maqbarasi va Registon maydoni orqali temuriylar davridagi yuksak madaniy va ilmiy salohiyat yoritildi.
Ulug‘bek rasadxonasi misolida ilm-fan taraqqiyoti, Ruhobod majmuasi orqali esa turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot g‘oyalari keng ochib berildi. Shuningdek, an’anaviy hunarmandchilik, kalligrafiya va milliy taomlar mamlakatning boy madaniy merosini aks ettiruvchi muhim jihatlar sifatida ko‘rsatilgan.

Toshkent shahri misolida esa zamonaviylik va tarixiy meros uyg‘unligiga alohida urg‘u berildi. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati orqali islom merosini o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yoritildi. Hazrati Imom majmuasi va Chorsu bozori orqali milliy an’analar va ma’naviy hayot uyg‘unligi namoyon etildi.
Umuman olganda, “Garuda TV” tomonidan tayyorlangan mazkur dasturlar Indoneziya aholisiga O‘zbekistonni, avvalo, Imom Buxoriy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan, islom sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan yurt sifatida tanitmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyot yo‘lidan izchil ilgarilayotgani, ochiq va xalqaro hamkorlikka tayyor davlat ekani ham namoyon qilinmoqda.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA