Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi ta’lim muassasalarida “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi ta’lim muassasalarida “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi, Yoshlar madaniyat va san’at markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun yaratilayotgan keng sharoitlar yuksak samaralar berayotgani, yoshlar qalbida ezgu fazilatlar, Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘ulari mustahkam qaror topayotgani, “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzuidagi targ‘ibot tadbirlari ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirlarda istiqlol yillarida yurtimizda barcha sohalarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, Qurolli Kuchlarimiz tizimidagi islohotlar, milliy armiyamizning salohiyati aks ettirilgan, shuningdek, bugungi kunda dunyoning turli davlatlarida yuz berayotgan notinchliklar, ekstremizm va terrorizm, ularning ortida turgan kuchlarning g‘arazli maqsadlarini ochib berishga qaratilgan videoroliklar namoyish etildi.
San’atkorlar ishtirokidagi uchrashuvlarda milliy qadriyatlarimiz, madaniy merosimiz, ularning jamiyatda va har birimizning hayotimizda tutgan o‘rni, farzandlarning o‘z ota-onalari va Vatan oldidagi burchi, kasb-hunarga ega bo‘lishning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
– Bekobod, Olmaliq, Angren, Chirchiq shaharlari va Ohangaron, Bo‘ka tumanlarida o‘tkazilgan shunday tadbirlarda viloyat yoshlari faol ishtirok etmoqda. Ularga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli iqtisodiyotimiz salohiyati va qudrati kun sayin yuksalib borayotgani, erishilgan yutuq va marralarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani, yurtimizdagi tinch-osuda hayot, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitining barqarorligi hayotiy misollar asosida tushuntirilayotir, – deydi Toshkent viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Toshpo‘latov. – Targ‘ibot tadbirlari hafta davomida barcha tumanlarda yuksak saviyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida yurtimizda mustaqillikkacha hamda istiqlol yillarida amalga oshirilgan islohotlar samaralari aks etgan videolavha va fotoko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.