Vatan himoyachilarining munosib izdoshlari
Toshkent viloyatining qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarida joylashgan kollejlarda o‘nga yaqin “Yosh chegarachilar” klubi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Toshkent viloyatining qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarida joylashgan kollejlarda o‘nga yaqin “Yosh chegarachilar” klubi faoliyat ko‘rsatmoqda.Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bu borada ularning bilimini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan mazkur klublar bugungi kunda o‘z safiga 800 ga yaqin o‘quvchi-yoshni birlashtirgan. Yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar qilib ulg‘aytirish, ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhini yuksaltirishda bunday klublarning ahamiyati katta.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ohangaron tumanidagi Sanam transport va servis, Nurobod energetika va iqtisodiyot, Ohangaron politexnika kasb-hunar kollejlarida faoliyat ko‘rsatayotgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik klublariga a’zo bo‘lish istagidagi o‘quvchilar safi yildan-yilga kengaymoqda.
– O‘quvchilarda harbiy-vatanparvarlik ko‘nikmasini mustahkamlash, ularning jismoniy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy tayyorgarligini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilayotgan klubimizda barcha sharoit yaratilgan, – deydi Nurobod energetika va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi, “Yosh chegarachi” harbiy-vatanparvarlik klubi rahbari J.Otamurodov. – Klub faoliyati doirasida a’zolar bilan chegarachilar ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, yoshlarning harbiy qismlarda bo‘lib, chegarachilar hayoti bilan tanishayotgani ularning sohaga qiziqishini yanada oshirmoqda.
Kollejning “Energetika” jamoasi o‘tgan yili “Yosh chegarachilar” an’anaviy harbiy-vatanparvarlik musobaqasining mamlakat bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Madaniyat va sport ishlari, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqadagi muvaffaqiyat kollejda ta’lim olayotgan harbiylik kasbiga qiziquvchi yoshlar safi yanada ortishiga sabab bo‘ldi.
O‘tgan yili o‘quvchilar orasidan maxsus sinov asosida saralab olingan klub a’zolari 20 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi paytda ularning soni 50 dan oshdi. Shundan kelib chiqib, darsdan bo‘sh vaqtida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar ikki guruhda, haftasiga uch marta tashkil etilmoqda. A’zolar mashg‘ulotlarda faqat sport bilan shug‘ullanib qolmay, intellektual bilimlarini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Harbiy qismlarda tashkil etiladigan qiziqarli suhbatlar, ularning hayoti bilan yaqindan tanishish o‘quvchilarda sohaga qiziqishni oshirmoqda.
– “Yosh chegarachilar” klubiga a’zolikni harbiy bo‘lish uchun tashlangan ilk dadil odim, deb bilaman, – deydi “Energetika” jamoasi sardori Shohrux Berdiyev. – Klub tomonidan tashkil etilgan harbiy mashg‘ulotlarda muntazam ishtirok etgan, tarix, chet tillar, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy tayyorgarlik yo‘nalishlarida o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazgan ko‘p yigitlar bugun yurtimiz sarhadlarida chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Ular safida jamoamizning o‘tgan yilgi a’zosi, akam Farrux Berdiyev ham borligidan faxrlanaman.
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik klublari o‘quvchi-yoshlarni harbiylar hayoti, mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishtirish, ularda Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli va mas’uliyatli kasbga mehr uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.