Urganchdan Olmaotaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Qozog‘istonning “FlyArystan” loukosteri Olmaota – Urganch – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha yangi xalqaro aviaqatnovni yo‘lga qo‘ymoqda. Parvozlar 2026-yil 3-sentabrdan boshlab haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Yangi yo‘nalish O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi havo aloqalarini yanada kengaytirib, sayyohlik, ishbilarmonlik va oilaviy safarlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Urganch Xorazm viloyatining asosiy aviatsiya markazi hisoblanadi. Shuningdek, u YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Markaziy Osiyoning eng mashhur tarixiy shaharlaridan biri Xivaga sayohat qilish uchun qulay boshlang‘ich nuqta sanaladi.
Mazkur yo‘nalish orqali yo‘lovchilar Olmaota shahri orqali xalqaro parvozlar tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Qozog‘istonning “FlyArystan” loukosteri 2019-yil may oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, u Air Astana kompaniyalar guruhining 100 foizlik sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. Ayni paytda aviatashuvchi Olmaota – Samarqand hamda Ostona – Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA