Jurnalistlar va gazetxonlarning ijodiy uchrashuvi (+video)
Jurnalistika jamiyatning vijdoni, gazeta esa davr ko‘zgusi. “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari jamoasining Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvi bosh shiori shu edi. Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tgan ochiq va samimiy muloqotda gazetalar bosh muharriri Salimjon Doniyorov 2020-yilda “Yangi O‘zbekiston” gazetasi davr talabi sifatida tashkil etilgani, uning asosiy vazifalari, amaldagi tajriba va kelajak rejalari haqida gapirib berdi.
So‘zga chiqqan universitet professor- o‘qituvchilari, yoshlar matbuotning jamiyatdagi o‘rni va talab- istak hamda takliflarini bildirdilar. Har ikki gazetaning hozirjavobligi, tili, uslubi ravonligi, dizaynining chaqiruvchanligi hamda turli tarmoqlardagi axborot tarqatish uslublari qiziqarli ekanini alohida ta’kidladilar.


– Farg‘onada ziyoga, gazetaga bo‘lgan tashnalikni ko‘rdim. Shu bilan birga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda bevosita ishtirok etish, u haqida o‘z fikrini bildirishga intilish, ayniqsa, yoshlarda kuchli ekani bizga ruh bag‘ishladi, – deydi “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salimjon Doniyorov. – Axborot vositalari jamoasi bevosita o‘quvchilari bilan uchrashuvi uning rivojlanishi va yuksalishiga xizmat qilishini Farg‘onada yana bir bor ko‘rdik. Shu bilan birgalikda yangi texnologiyalardan unumli foydalangan holda onlayn muloqotlarni ham kengaytirishimiz zarur ekan. Shunda qaysidir maqola yoki videokontentga nisbatan o‘quvchi, foydalanuvchi o‘z fikri, taklif va munosabatini bildirishi mumkin bo‘ladi.
Ijodiy muloqot chog‘ida Salim Doniyorovning “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1d_rdByP7O8" title="JURNALIST VA GAZETXONING UCHRASHUVI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA