Urbanizatsiya, hududiy rejalashtirish va uy-joy qurilishi sohasida hamkorlik kengaydi
Shaharlarning o‘sishida hudud atrofidagi aholi turmush tarzining shakllanib borishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu esa urbanizatsiya jarayonlarining rivojiga turtki beradi. Katta shaharlar atrofida kichik shaharlar paydo bo‘lib, hudud kengayib boradi.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasida Buyuk Britaniyaning “ARUP International Projects Limited” maslahatchilar guruhi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“ARUP International Projects Limited”ning vazifasi xalqaro muhandislik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish sanaladi. Bu 1946-yilda Ove Arup tomonidan tashkil etilgan. Bugungi kunda tashkilot 35 ta mamlakatda faoliyat yuritadi, 160 dan ortiq mamlakatda loyihalar amalga oshirilishida ishtirok etgan.
Uchrashuvda "O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish" loyihasi, Toshkent viloyatini hududiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi ma’lumotida.
Shuningdek, Bo‘ka va Chinoz tumanlari, Yangiyo‘l va Chirchiq shaharlarining hududiy rejalari va bosh rejalarini ishlab chiqish jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida urbanizatsiya, hududiy rejalashtirish va uy-joy qurilishi sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollari tahlil qilindi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA