Yakkasaroydagi 350 yoshli tut daraxti davlat muhofazasiga olindi
Noyob turdagi va ko‘p yillik daraxt hamda butalarni asrab-avaylash bugungi ekologik vaziyatda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashiga fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaat asosida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2026-yil 22-iyuldagi qaroriga muvofiq, Yakkasaroy tumani “Moviy gumbazlar” xiyoboni hududida joylashgan 350 yoshli oq tut daraxti (Morus alba) davlat tabiat yodgorligi deb e’lon qilingan.
Mazkur qarorning ijrosini sifatli tashkil etish, noyob daraxtni muhofaza qilish va uning atrofidagi hududni obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab olish maqsadida hududda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishda Xalq deputatlari Toshkent shahar va Yakkasaroy tuman Kengashi deputatlari, Ekopartiya Yakkasaroy tuman Kengashi raisi, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi va Yakkasaroy tumani hokimligi vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Jarayon davomida 350 yoshli oq tut daraxtining bugungi holati, uni saqlash va muhofaza qilish uchun yaratilgan sharoitlar, daraxt joylashgan hududning obodonlashtirilish holati atroflicha ko‘zdan kechirildi.

Xususan, davlat tabiat yodgorligi maqomini olgan daraxtning atrofi tegishli talablar asosida o‘ralishi, hudud obodonlashtirilishi, daraxtni tashqi ta’sirlardan himoya qilish uchun zarur sharoitlar yaratilishi hamda uning alohida muhofaza qilinadigan tabiiy ob’ekt ekanini aks ettiruvchi tegishli axborot belgilarini o‘rnatish masalalari ko‘tarildi.
O‘rganish yakunida oq tut daraxtini ishonchli muhofaza qilish hamda uning atrofidagi hududni obod va tartibli holatga keltirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi. Mazkur masalalarning ijrosi deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida kuzatib borilishi belgilandi.
M.Komilova,
O‘zA