Universitetda ochiq muloqot
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi tashabbusi bilan “Deputat va yoshlar: siyosatga marhamat” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2026-yil 6-fevraldagi qarori asosida 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.

Tadbirda deputatlar, Oila va xotin-qizlar bo‘limi mutaxassislari ishtirok etib, o‘zlarining siyosiy faoliyati, tajribasi hamda xotin-qizlar muammolari, deputatlik so‘rovi va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash mexanizmlari haqida ochiq muloqot olib bordi. Shuningdek, ayollar huquqlarini himoya qiluvchi qonunchilik asoslari hamda gender tenglikni ta’minlashga oid normalar haqida batafsil ma’lumot berildi.


Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, gender tenglik, ta’lim, bandlik va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha muammolarni muhokama qildilar hamda ularni hal etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.