Qonun va amaliyot uyg‘unligi
Oqoltin tumanida mehnat qonunchiligi ijrosini ta’minlash, ayniqsa, ta’tillarni rasmiylashtirishda uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi. Tadbir tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Unda tumandagi 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 11 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining kadrlar bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Bu esa masalaning dolzarbligi va uning ta’lim muassasalari faoliyatida tutgan o‘rnini yaqqol namoyon etdi.
Seminarda mehnat qonunchiligida belgilangan ta’til turlari, ularni berish va rasmiylashtirish tartibi, shuningdek, ta’til davrida o‘rtacha oylik ish haqini hisoblash va to‘lash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan qonun normalari hayotiy misollar bilan izohlanib, ishtirokchilar uchun tushunarli va amaliy tarzda yetkazildi.
Ayniqsa, ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan uzaytirilgan hamda ijtimoiy ta’tillarni qo‘llash amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi.
– Bilamizki, mehnat qonunchiligida ta’til masalalari eng ko‘p murojaat qilinadigan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, ushbu seminar-treningni tashkil etishdan asosiy maqsad kadrlar bo‘yicha mas’ul xodimlarni qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llash, ta’til turlarini rasmiylashtirish va ish haqini hisoblashda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olishga o‘rgatishdir.
Ayniqsa, amaliyotda uchrayotgan kamchiliklarni birgalikda muhokama qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish biz uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Chunki har bir xatolik oxir-oqibat xodimning huquqlariga ta’sir qilishi mumkin.
[gallery-29082]
Shu ma’noda, bu kabi o‘quv-seminarlar nafaqat huquqiy bilimlarni mustahkamlaydi, balki tizimda yagona amaliyotni shakllantirishga ham xizmat qiladi, – deydi tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Elyor Matjonov.
Muhimi, o‘tkazilgan seminar-trening davomida amaliyotda uchrayotgan kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, jonli muloqot muhiti shakllanib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Bu esa seminarning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA