“Umra plyus ziyorat turizmi” yo‘nalishida Markaziy Osiyo turoperatorlari uchun infotur tashkil etildi
“Umra Plus va ziyorat turizmi” IV xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin turoperator uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga infotur tashkil etildi.
Mazkur infotur Turizm qo‘mitasi hamda Markaz hamkorligida o‘tkazilib, unda ishtirok etgan turoperatorlarga ziyorat yo‘nalishidagi sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, islom sivilizatsiyasiga oid tarixiy manbalar hamda «Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans» bo‘limi haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Markazda sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar, gid xizmatlari, shuningdek, ziyorat va madaniy-tarixiy yo‘nalishlardagi ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu infotur mamlakatimiz orqali Umra ziyoratlarini tashkil etuvchi Markaziy Osiyo turoperatorlariga o‘z turistik dasturlarini Toshkent shahri bilan boyitish imkonini beradi. Shuningdek, bu tashabbus xorijlik ziyoratchilarning mamlakatimizda qo‘shimcha bir kun qolishiga va turistik salohiyatdan kengroq foydalanishiga xizmat qiladi.
Turizm qo‘mitasi tomonidan yurtimizning diqqatga sazovor turistik ob’ektlariga sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA