Toshkentda IV Xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi Umra turizmi tashkilotlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Humo Arena” majmuasida IV Xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” ko‘rgazmasini o‘tkazmoqda.
Tadbir Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Malayziya, Indoneziya va Saudiya Arabistonidan 200 nafardan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi hamda transport kompaniyalari vakillarini bir maydonga jamladi.
Ko‘rgazma “Umra+O‘zbekiston” loyihasi doirasida ziyoratchilarni O‘zbekistonga jalb etish, turistik xizmatlar sifatini oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

“Umra+O‘zbekiston” loyihasi umra safarini amalga oshirayotgan xorijiy ziyoratchilarni mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, muqaddas maskanlari hamda zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishtirishni nazarda tutadi.
Ikki kun davomida ko‘rgazma ishtirokchilari “B2B” uchrashuvlari, ishbilarmonlik muzokaralari va turistik mahsulotlar taqdimotlarini o‘tkazmoqda. Alohida e’tibor ziyoratni O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab sayohatlar bilan uyg‘unlashtiruvchi yangi “Umra+” yo‘nalishlarini shakllantirishga qaratilgan.
[gallery-30121]
Ko‘rgazma doirasida yangi turistik mahsulotlarni yaratish hamda mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qariyb 100 ta hamkorlik bitimini imzolash rejalashtirilgan.
Mazkur tadbir avval Turkiya, Malayziya va Indoneziyada o‘tkazilgan “Umra+ O‘zbekiston” loyihasi taqdimotlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Ko‘rgazmaning o‘tkazilishi mahalliy turizm tashkilotlari uchun O‘zbekistonning turistik shaharlariga tashrifni nazarda tutuvchi “Umra+” dasturini xalqaro bozorda targ‘ib qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida xorijiy ishtirokchilar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif tashkil etildi. Tanishuv tashrifi yakunlariga ko‘ra, Markazni O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlarga taklif etiladigan ziyorat yo‘nalishlarining asosiy ob’ektlari qatoriga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston xalqaro bozorda barqaror va xavfsiz turistik yo‘nalish sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. 2026-yilning dastlabki besh oyida mamlakatga 5,3 million nafardan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublika turizm sohasi eng yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan besh davlat qatoridan joy oldi.
Asosiy bozorlar ham ijobiy o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. 2026-yil yanvar–may oylarida Ozarbayjondan kelgan turistlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 82 foizga, Malayziyadan 2 baravardan ko‘proqqa, Indoneziyadan 63 foizdan ortiqqa, Turkiyadan esa qariyb 19 foizga oshdi.
Soha mutaxassislarining baholashicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlarning aksariyati ziyorat turizmi ob’ektlariga katta qiziqish bildirgan. Ko‘rgazma doirasida imzolanayotgan bitimlar hamda “Umra+O‘zbekiston” loyihasining yanada kengaytirilishi kelgusida ziyoratchilar oqimini sezilarli darajada oshirishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
– Ushbu ko‘rgazma sabab sayyohlik kompaniya va firmalari, shuningdek, ziyoratni maqsad qilgan shaxslar bilan ham muloqot o‘rnatish imkoniga ega bo‘ldik, – dedi Saudiya Arabistonidagi “Razana” sayyohlik kompaniyasi rahbari Emad Rushdi. – Faoliyatimiz asosan ziyoratchilarning Haj va Umra amallarini ado etishiga ko‘maklashishga qaratilgan. “Aziziya Rauza” mehmonxonamizda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mazkur ko‘rgazmada ziyorat sayyohligi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning faoliyati bilan batafsil tanishish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgani e’tiborga molikdir. Bugunning o‘zida ko‘plab davlatlarning turistik firmalari bilan shartnomalar imzolashga muvaffaq bo‘ldik.
– Biz Turkmanistonda sayyohlar qabuli bilan shug‘ullanamiz, – dedi Turkmanistonning “Go Travel” kompaniyasi PR-menejeri Aysultan Qulmamedova. – Umra va Haj ziyoratini ado etish istagidagi sayyohlar bilan ham faol ish olib boramiz. Ashxobod va Jidda shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia qatnov yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlaridan turistlar juda ko‘p. Ularning taklif va istaklarini inobatga olishga, sayyohlarga birinchi galda turist emas, mehmon sifatida munosabatda bo‘lishga aasosiy e’tiborni qaratmoqdamiz. Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘ldik. Chindan ham betakror shaharlar. Ushbu xalqaro ko‘rgazma ziyorat turizmi bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surishda, hamkorlar bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishda juda manfaatli bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, mamlakatimizda ziyorat qilishga arzigulik tabarruk maskanlar, tarixi asrlar qa’riga singib ketgan muborak va muazzam go‘shalar, buyuk mutafakkirlar mangu qo‘nim topgan qadamjolar g‘oyat bisyor. Dunyoning turli davlatlaridan Haj va Umra safarlariga otlangan sayyohlarning aksariyati ham yurtimizdagi ushbu tabarruk joylarga borishni orzu qilishi ham bor gap. Bu ezgu orzuni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va alaloqibat mamlakatimizga ham, sayyohlarga ham birdek manfaatli turistik loyihalarni hayotga joriy etish bugun chindan ham dolzarbdir. IV Xalqaro “Umra Plus va ziyorat turizmi” ko‘rgazmasi bu yo‘ldagi muhim amaliy qadam ekani aniq.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (suratlar), O‘zA muxbirlari