Toshkentda “Yangi avlod avtomobili” musobaqasi o‘tkaziladi
Poytaxtimizda bugun boshlangan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida “Yangi avlod avtomobili” musobaqasiga start berildi.
Turnirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni zamonaviy muhandislik yechimlari va yangi texnologiyalarga keng jalb etish, ularning texnik tafakkuri va amaliy ko‘nikmasini rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, tadbir mexanika, avtomatika, fizika sohalarida yangilik yaratishga moyil iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
[gallery-29055]
“Prototype” (Battery-Electric) yo‘nalishida tashkil etilgan bahs davomida jamoalar o‘zlari ishlab chiqqan elektromobillarni 10 kilometrlik yopiq trassada sinovdan o‘tkazdi.
Bu jarayonda asosiy e’tibor transport vositasi tezligiga emas, balki energiya samaradorligiga qaratildi. Ya’ni ishtirokchi 1000 Wh quvvatga ega akkumulyator orqali imkon darajasida kam energiya sarfi bilan uzoqroq masofani bosib o‘tishi lozim.
Tadbir doirasida 29-30-aprel kunlari prototip avtomobillar ko‘rgazmasi, inter faol maydon, yosh muhandislar bilan ochiq muloqot hamda ko‘rgazmali yurish musobaqalari tashkil etiladi.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA