Toshkent metropoliteni elektron to‘lovlar bilan bog‘liq ayrim muammolarga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenida elektron to‘lovlar bilan bog‘liq ayrim muammolar yuzaga kelayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK “Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori” aksiyadorlik jamiyati (ATTO) ma’lumotlari asosida quyidagilarni ma’lum qiladi:
"Bugungi kunda metropoliten xizmatlaridan foydalanish uchun yo‘lovchilarga keng va zamonaviy to‘lov imkoniyatlari yaratilgan. Xususan, ATTO yagona transport to‘lov tizimi kartalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida amal qiluvchi deyarli barcha bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, Visa, Mastercard hamda China UnionPay kabi xalqaro to‘lov tizimlari orqali ham xizmatdan erkin foydalanish imkoniyati mavjud.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bank kartalari orqali bir vaqtning o‘zida 5 tagacha to‘lovni amalga oshirish mumkin. Ushbu tartib tizimning barqaror ishlashini ta’minlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda barcha yo‘lovchilar uchun qulay va uzluksiz xizmat ko‘rsatishni kafolatlash maqsadida joriy etilgan bo‘lib, umumiy foydalanish jarayoniga hech qanday to‘sqinlik qilmaydi.
Shu bilan birga, yo‘lovchilar uchun 10 dan ortiq mobil ilova orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud. Zamonaviy va innovatsion yondashuv sifatida barcha metro bekatlarida kaft orqali (biometrik) to‘lov hamda yuzni aniqlash orqali to‘lov tizimlari ham joriy etilgan.
Bundan tashqari, barcha bekatlarda o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi infokioskalar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali naqd pul bilan ham tez va qulay tarzda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.
“Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va zamonaviy xizmat ko‘rsatish ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lib, mavjud tizimlar doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA