Toshkentda Osiyo og‘ir atletikasining istiqbolli rejalari belgilandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Almana raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, Ijroiya qo‘mita a’zolari, a’zo mamlakatlarning mutasaddi va mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov qatnashgan Ijroiya qo‘mita anjumanida 2027-yilda Koreya Respublikasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionati, Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlari, Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan yopiq inshootlar va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik kabi bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida xalqaro maydonda sport va olimpiya harakatini rivojlantirish, xususan, O‘zbekistonning xalqaro sport tashkilotlaridagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi alohida xizmatlari uchun Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Almana janoblari O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligining "Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, Osiyo qit’asida og‘ir atletikani rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA