FIAS ishchi guruhi Toshkentdagi jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonini o‘rgandi
Joriy yilning 6–8-noyabr kunlari poytaxtimizda sambo bo‘yicha yubiley — 50-jahon chempionati o‘tkaziladi.
Nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ishlarini baholash maqsadida 6-avgust kuni Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS)ning ishchi guruhi Toshkentga tashrif buyurdi.
Ishchi guruh tarkibidan FIAS bosh kotibi Aleksandr Korsik, marketing bo‘limi rahbari Yelena Prekrasnaya hamda media xizmati rahbari Roman Barkov o‘rin oldi.
Tashrif davomida mehmonlarga jahon chempionatiga tayyorgarlikning tashkiliy jarayonlari, musobaqa infratuzilmasi va rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Sanat Gulomnazarov, Osiyo–Okeaniya sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov hamda rais o‘rinbosari Islom Adilov hamrohlik qildi.
FIAS vakillari musobaqa o‘tkaziladigan arena, ishtirokchilar va mehmonlar joylashtiriladigan mehmonxonalar, shuningdek, chempionatga jalb etiladigan boshqa infratuzilma ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlash joiz, sambo bo‘yicha yubiley — 50-jahon chempionati 6–8-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqaning mamlakatimizga ishonib topshirilishi O‘zbekistonning yirik xalqaro sport tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish borasidagi tajribasi va xalqaro sport hamjamiyati ishonchining yana bir tasdig‘i sifatida baholanmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA