Toshkentda jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar kengaytirilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi.
Poytaxtning bir qator markaziy ko‘chalarida avtobuslar uchun ajratilgan «A» toifasidagi maxsus yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatilmoqda. Mazkur chora jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va minglab yo‘lovchilar uchun tezkor hamda qulay transport tizimini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Xususan, poytaxtning Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida avtobuslar uchun maxsus yo‘l chiziqlari chizildi. Shu bilan birga, ushbu yo‘lakni umumiy transport oqimidan ajratish uchun deliniatorlar – jismoniy ajratuvchi elementlar o‘rnatilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur yechim jamoat transporti harakatiga haqiqiy ustuvorlik berish, avtobuslarning tirbandliklarda qolib ketishining oldini olish va harakat jadvalining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xalqaro tajriba nimani ko‘rsatmoqda?
Dunyo amaliyotida AQSH, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya hamda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida avtobuslar uchun alohida yo‘laklar keng qo‘llaniladi. Bu tizimlar jamoat transporti harakat tezligini oshirish, kechikishlarni kamaytirish va aholini shaxsiy avtomobildan ko‘ra jamoat transportidan foydalanishga undashda samarali vosita sifatida baholanadi.
Deliniatorlarning o‘rnatilishi esa mazkur yo‘laklar samaradorligini yanada oshiradi. Ular boshqa transport vositalarining avtobus yo‘lagiga noqonuniy kirib ketish ehtimolini kamaytiradi, tartibsiz qayta saflanishlarning oldini oladi va haydovchilar uchun harakat qoidalarini yanada tushunarli qiladi.
30 dan ortiq ko‘chada yangi yo‘laklar tashkil etiladi
Ma’lum qilinishicha, joriy yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida «A» toifasidagi alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa infratuzilma yechimlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Asosiy maqsad – Toshkentda avtobuslar harakatini tezkor, barqaror va oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan tizimga aylantirish.
Jamoat transportiga haqiqiy ustuvorlik berilishi minglab yo‘lovchilar uchun vaqt tejalishi, qatnov qulayligining oshishi, shahar yo‘llaridagi yuklama kamayishi va zamonaviy transport madaniyati shakllanishiga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA