"Toshkent – 2030" – Kelajak sari aniq qadamlar
Toshkent viloyati ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan ulkan salohiyatli hudud. Go‘zal tabiati, yerosti va yerusti boyliklari hamda qulay infratuzilmasi taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shularga asoslanib amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bu viloyat har tomonlama rivojlanib bormoqda. 2025-yil yakunlari bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 14,3 milliard AQSH dollariga yetgan, aholi jon boshiga 4,6 ming AQSH dollarini tashkil etgan.
So‘nggi yillarda imkoniyatlar ham, aholining talabi ham oshib boryapti. Kelgusida rivojlanish sur’atlarini yanada oshirish va uni odamlar hayotida aks ettirish zarur. Shu maqsadda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan viloyat mutaxassislari bilan birgalikda “Toshkent – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi.
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi bo‘lib o‘tgan sessiyasida mazkur hujjat loyihasi muhokama qilindi. Bu hududiy strategiya “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mantiqiy bir qismi bo‘lib, unda Toshkent viloyati bo‘yicha 70 dan ortiq maqsadlar belgilangan.
– Toshkent viloyati ham sanoat, ham turizm, ham qishloq xo‘jaligi kabi iqtisodiyotdagi yetakchi sohalar bo‘yicha juda katta imkoniyatlarga ega, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining o‘rinbosari Toxir Safarov. – Transport va logistika jihatidan esa eng qulay hudud – uchta qo‘shni davlat bilan chegaradosh, mamlakatimizning sharqi va g‘arbini bog‘lab turuvchi asosiy “arteriya” shu yerdan o‘tgan. Shuningdek, poytaxtimiz bilan yaqinlik bu viloyat uchun katta bozor degani. Hududiy strategiyani tayyorlashda biz ana shu jihatlarga – viloyatning ustun tomonlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratdik. Bu strategiyaning bosh maqsadi – 2030-yilgacha Toshkent viloyatini ilm-fan, innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot, moliya va turizm xizmatlari hududi sifatida rivojlantirish. Aholi jon boshiga iqtisodiy faollikni va mehnat unumdorligini oshirish, ko‘proq ish o‘rinlari yaratishdan iborat bo‘ladi. Bunga erishish uchun 7 ta asosiy yo‘nalish belgilangan.
Birinchi yo‘nalish – iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligi. Ikkinchi yo‘nalish – eksport va investitsiyalar. Uchinchi yo‘nalish – kambag‘allikka barham berish va ijtimoiy himoya. To‘rtinchi yo‘nalish – inson kapitali. Beshinchi yo‘nalish – infratuzilma va “Aqlli shahar”. Oltinchi yo‘nalish – ekologiya va “yashil iqtisodiyot”. Yettinchi yo‘nalish – turizm va tadbirkorlik.
Umuman aytganda, Toshkent – 2030 strategiyasidan kelib chiqadigan asosiy maqsad 5 yillik rivojlanishni har bir tuman, har bir oila hayotiga olib kirishdir. Shuning uchun ham strategiyada aniq maqsadlar, ularga erishish mexanizmlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ullar belgilab qo‘yilgan. Eng muhimi, natijalar muntazam monitoring qilib boriladi.
– Biz uchun strategiyaning eng muhim jihati uning odamlar hayotida aks etishidir, – deydi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Muhsiddin Nizomiddinov. – Shu munosabat bilan xalq deputatlari Kengashi va deputatlar korpusidan katta mas’uliyat talab etiladi. Xususan, Strategiya va uning chora-tadbirlar dasturi ijrosini har chorakda doimiy komissiyalar kesimida tanqidiy o‘rganib borish va “qizil” toifaga tushgan ko‘rsatkichlar yuzasidan mas’ul rahbarlar hisoboti eshitiladi. Tumanlarning “hududiy pasportlari” va uch yillik kompleks dasturlarini shakllantirishda saylovchilar murojaatlari asosida aniq takliflar kiritiladi.
Mahalliy byudjet parametrlarini Strategiya maqsadlari bilan uzviy bog‘liq holda tasdiqlash va mablag‘lar sarfi shaffofligi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim bo‘ladi. Shu bilan birga, Strategiya mazmun-mohiyatini mahallalarda, mehnat jamoalarida keng targ‘ib qilish va aholini uning ijrosiga faol safarbar etish choralari ko‘riladi.
Eng muhim jihati — ushbu Strategiya ijrosi doimiy nazoratda bo‘ladi. 2028-yilda oraliq baholash o‘tkaziladi. Har yili mustaqil tadqiqotlar amalga oshirilib, natijalar jamoatchilikka e’lon qilib boriladi. Bu — yangi ish o‘rinlari, zamonaviy kasblar, sifatli ta’lim, qulay infratuzilma, rivojlangan turizm, zamonaviy sanoat va farovon oilalar sari yo‘l xaritasi bo‘ladi.
Umuman olganda, bugun belgilanayotgan maqsadlar ertaga odamlarning hayotida namoyon bo‘lishi kerak. Zero, strategiyaning bosh maqsadi faqat raqamlar emas, xalqimizning hayoti va farovonligidir.
A.Musayev, O‘zA