Tibbiyot xabarlari
Farg‘onada ovqatdan zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga murojaat qilganlar soni 57 nafarga yetdi
Joriy yilning 17-18-sentabr kunlari Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Soat 20:00 holatiga ko‘ra, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning soni 57 nafarni tashkil etib, ular shifoxonaga yotqizilgan.
Dastlabki epidemiologik surishtiruv jarayonlarida mazkur fuqarolar Uchko‘prik tumani Navro‘zshoh ko‘chasida joylashgan "fast-food" mahsulotlari tayyorlash shoxobchalaridan birida xot-dog va non-burger iste’mol qilgani aniqlangan.
Shifokorlarning xulosasiga ko‘ra, bemorlarda ovqatdan zaharlanish holati gumon qilinmoqda. Hozirda og‘ir va reanimatsion holatdagi bemorlar yo‘q.
Mazkur holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Ayni paytda mazkur tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtinchalik to‘xtatildi.
***

O‘zbekiston tibbiyoti tarixida yana bir muhim sahifa ochildi. Gap shundaki, Toshkentdan qariyb 6 ming kilometr uzoqlikda joylashgan Italiyaning Padova shahridan turib, poytaxtimizdagi bemorda robot yordamida murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Avvalroq o‘zbekistonlik jarroh Xitoyning Uhan shahridan turib, O‘zbekistondagi uch nafar bemorda robot yordamida operatsiya o‘tkazgan edi.
Mazkur transkontinental telerobot operatsiyasi Yevropa robotik urologlari jamiyati kongressi doirasida tashkil etildi. Jarayon jonli efirda namoyish etilib, mingga yaqin mutaxassis, jumladan, o‘zbekistonlik jarrohlar ham unda onlayn tarzda ishtirok etdi.
***

Toshkent shahrida Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov Hindistonning "Apollo Hospitals" shifoxonasining O‘zbekistodagi vakolatxonasi rahbari Rizvan Ali Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida ilmiy-madaniy hamda tibbiy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat.
Muloqot chog‘ida tomonlar Hindistonga birinchi ilmiy ekspeditsiyani tashkil etish hamda O‘zbekiston – Hindiston tibbiy forumlarini hamkorlikda o‘tkazish masalalarini keng muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida mazkur tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni o‘zaro manfaatli Memorandum asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Koreya Respublikasi Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi vazirligi (MFDS) o‘rtasida tibbiy mahsulotlarni tartibga solish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hujjat imzolangan edi.
Mazkur kelishuvning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temrov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida MFDS hamda Milliy oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligini baholash instituti (NIFDS) mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida memorandum doirasidagi hamkorlikni aniq yo‘nalish va vazifalar asosida davom ettirish maqsadida qo‘shma yo‘l xaritasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Unda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshiriladigan tadbirlar, ularning muddatlari va mas’ul tomonlarni belgilash nazarda tutilishi qayd etildi.
Shuningdek, JSSTning Global Benchmarking Tool (GBT) doirasida hamkorlikni rivojlantirish, Markaz mutaxassislarini Koreyada o‘qitish va stajirovkalarga jalb etish, laboratoriyalararo sinovlarda ishtirok etish hamda ekspertiza sohasida tajriba almashish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, Koreya Respublikasining MFDS tizimi JSSTning Global Benchmarking Tool (GBT) baholashida dori vositalari va vaksinalarni tartibga solish bo‘yicha eng yuqori — Maturity Level 4 (ML4) darajasiga ega. Shuningdek, MFDS JSSTning WHO-Listed Authority (WLA) maqomiga ega bo‘lib, Koreyaning tartibga solish tizimi xalqaro ilg‘or amaliyotlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
NIFDS bilan uchrashuvda Markazning ilmiy-ekspert va laboratoriya salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mutaxassislarni Global Harmonization Center (GHC) dasturlariga jalb etish, ekspertiza jarayonlari bo‘yicha metodik tajriba almashish va laboratoriya nazoratini takomillashtirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Koreyaning ilmiy-ekspert va laboratoriya markazlariga ham tashrif buyurib, ularning faoliyati, laboratoriya infratuzilmasi, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlarini baholash va nazorat qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar memorandum doirasidagi hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitish, mutaxassislar almashinuvi va qo‘shma o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
***

Milliy tibbiyot markazida murakkab va yuqori texnologik neyrojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur murakkab operatsiyani tajribali neyrojarroh G‘ayrat Eshquvvatov boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi amalga oshirdi.
Jarrohlik jarayonida bemordan olib tashlangan o‘smaning ko‘rinishi ko‘pchilikni hayratga soldi: u oppoq rangda bo‘lib, qattiqligi jihatidan suyakka juda o‘xshar edi. Shu sababli bu kabi tuzilmalarni «toshga aylangan» deb o‘ylash mumkin.
Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘smaning bunday g‘ayrioddiy ko‘rinishi uning butunlay qotib qolganini anglatmaydi. Ayrim meningiomalarda hujayralar orasida kalsiy yig‘ilmalari hosil bo‘lishi kuzatiladi. Natijada magnit-rezonans tomografiya (MRT) yoki ko‘p spiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) tekshiruvlarida o‘sma juda zich va xuddi toshga o‘xshab ko‘rinadi.
Aslida esa uning ichki qismida ham yumshoq, ham o‘sishda davom etuvchi faol o‘sma to‘qimalari mavjud bo‘lishi mumkin. Shu bois, «toshdek qotib qolgan ekan, demak xavfsiz va uni olish shart emas» degan qarash mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lib, bemor salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin ekan.
Mutaxassislarning sa’y-harakatlari bilan o‘tkazilgan mazkur yuqori texnologik amaliyot bemorni og‘ir xastalikdan xalos etdi.
***

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 10 nafar bemordan 1 nafari tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida turli zarar ko‘radi. Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday salbiy holatlarning taxminan yarmining oldini olish mumkin.
Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bilan yashovchi insonlar xastalikning uzoq davom etishi, doimiy muolajalar va tibbiy muassasalarga tez-tez murojaat qilish zarurati tufayli ko‘proq xavfga duch keladi. Inson sog‘liqni saqlash tizimi bilan qanchalik ko‘p muloqotda bo‘lsa, tibbiy zararga uchrash ehtimoli ham shunchalik ortib boradi.
Xususan, ayrim xastaliklarda, masalan, saraton (onkologiya) kasalligida tibbiy yordam ko‘rsatish paytidagi noxush holatlar har 3 bemordan 1 nafarida kuzatilishi aniqlangan.
Shu munosabat bilan, JSST dunyoning istalgan nuqtasida har bir inson uchun xavfsiz tibbiy yordamni ta’minlash, mavjud xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga chaqirmoqda.
***

Bolalar milliy tibbiyot markazida Hindistonning yetakchi xususiy tibbiyot muassasalaridan biri – «KIMS Hospitals» vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Markaz direktori B.Umarov hamda «KIMS Hospitals» vakillari ikki tibbiyot muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida asosiy e’tibor mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, onlayn seminar va videokonferensiyalar tashkil etish, murakkab klinik holatlar bo‘yicha xorijiy mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga qaratildi. Shuningdek, «KIMS Hospitals» yetakchi mutaxassislarining Markazga amaliy tashriflarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, alohida tibbiy yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tajriba va bilim almashinuvini kengaytirish hamda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.
***

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov KOFIH, Yonsei universiteti hamda Korea IT Consulting (KITC) olim va ekspertlari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida BioPharma City innovatsion farmatsevtika klasterida shakllantirilayotgan ekotizim, unda ilm-fan, ta’lim, ilmiy-tadqiqot, texnologiyalar va ishlab chiqarish jarayonlarini yagona tizimda birlashtirish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy texnologiyalar va bilimlar transferini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion mahsulotlar yaratish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Koreya tajribasidan foydalangan holda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA