Sun’iy intellekt uchun O‘zbekistonda qanday ma’lumotlar bazasi yaratiladi?
Sun’iy intellekt qanchalik aqlli ishlashi ko‘p jihatdan uning qanday ma’lumotlar bilan «oziqlanishiga» bog‘liq.
Katta hajmdagi sifatli va tizimlashtirilgan ma’lumotlar esa yangi raqamli yechimlarni yaratish, davlat xizmatlarini takomillashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun muhim asos hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan yechimlar uchun yagona ma’lumotlar platformasini rivojlantirish masalasi dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Koreya Respublikasida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov hamda IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Koreya Milliy axborot jamiyati agentligi — NIA vakillari bilan uchrashib, aynan shu masalalarni muhokama qildi.
Muloqotda O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish, ma’lumotlar infratuzilmasini shakllantirish va davlat xizmatlarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda sun’iy intellektga asoslangan yechimlar uchun ma’lumotlar platformasi hisoblangan AI Data Hub’ni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar AI Data Hub loyihasi doirasida hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldi.
Shuningdek, loyihani O‘zbekistonda amalga oshirishda NIA tomonidan ko‘rsatiladigan ekspertlik yordamining shakli va hajmini batafsil belgilash rejalashtirilgan.
Milliy axborot jamiyati agentligi — NIA Koreya Respublikasining raqamli transformatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashgan davlat agentligi hisoblanadi. 1987-yilda tashkil etilgan agentlik sun’iy intellekt, raqamli hukumat, ma’lumotlar, AKT infratuzilmasi va raqamli ta’lim sohalarida loyihalarni amalga oshiradi.
Agentlikning bu boradagi tajribasi ham salmoqli. Xususan, 2025-yilda NIA AI Hub platformasi orqali sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish va o‘qitish uchun qariyb 1,18 milliard birlikdagi davlat ma’lumotlarini taqdim etgan.
Endilikda tomonlar ushbu tajribadan O‘zbekistonda sun’iy intellekt va raqamli hukumat infratuzilmasini rivojlantirishda qanday foydalanish mumkinligini birgalikda o‘rganadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA