Tarixiy sarhisob va taraqqiyotning yetti ustuvor yo‘nalishi
Mustaqillikning qadr-qimmati faqat o‘tgan yillar bilan emas, inson hayotida yuz bergan o‘zgarishlar va kelajak uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan ham o‘lchanadi. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan yettita milliy dastur ana shu mezonga tayanadi. Ular tarixiy merosni qadrlash bilan birga, bilimli avlod, samarali iqtisodiyot, sog‘lom jamiyat, ekologik mas’uliyat va adolatli boshqaruvga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichini belgilaydi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan. Raqobat kuchaygan dunyoda tabiiy boylikning o‘zi yetarli emas: mamlakatning haqiqiy salohiyati zamonaviy bilimga ega, yangi texnologiyani o‘zlashtira oladigan insonlar bilan belgilanadi. Shu bois ta’lim sifatini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish, yoshlarning mustaqil fikrlashini va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bu vazifa oliy ta’lim muassasalaridan ham yangicha yondashuvni talab qiladi. Universitetlarning ilmiy ishlanmalari ishlab chiqarishdagi muammolarga yechim bo‘lsa, talaba o‘qish davridayoq real loyihalarda qatnashsa, bilim iqtisodiy kuchga aylanadi. Sun’iy intellekt va raqamli xizmatlar rivojlanayotgan davrda o‘zbek tilidagi sifatli ilmiy va elektron resurslarni ko‘paytirish ham bilimga teng kirish imkoniyatini kengaytiradi.
Aholining sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishi tibbiy xizmat ko‘lamining kengaytirilishi, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va profilaktikani kuchaytirish ko‘lamiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Salomatlik masalasini faqat shifoxonalar faoliyati bilan cheklab bo‘lmaydi: toza atrof-muhit, sifatli oziq-ovqat, ta’lim va ijtimoiy himoya ham uning muhim shartlaridir. Sog‘lom insonning mehnat unumdorligi, o‘qish va ijod qilish imkoniyati yuqori bo‘ladi.
Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishni nazarda tutadi. Buning mohiyati ko‘proq xomashyo sotish emas, balki chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirishdir. Investitsiya hajmining o‘sishi muhim, ammo uning samarasi yangi mahsulot, raqobatbardosh korxona va barqaror bandlikda ko‘rinishi lozim. Bunda tadbirkorlik uchun ochiq muhit, ilm-fan bilan sanoat hamkorligi va malakali muhandislar hal qiluvchi omil bo‘ladi.
Kuni kecha Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyiha hayotga tatbiq etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ham yangi quvvatlar tashkil etilmoqda. AQSHlik hamkorlar ishtirokidagi "Wosune Food Ingredients Karshi" korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Uning 40 million dollarlik mahsulotini "Nestlye" va "Purina" kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
Bugun dunyo miqyosida suv va tabiatga munosabat tubdan o‘zgargan. Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer resurslariga bosim kuchayib borayotgan sharoitda ekologik barqarorlik iqtisodiy xavfsizlikning ham tarkibiy qismidir. Suvni tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya, chiqindilarni kamaytirish va yashil hududlarni asrash uzoq muddatli taraqqiyot uchun zarur.
Bu masala Qashqadaryo uchun ayniqsa dolzarb. Viloyatdagi neft-gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi va suvga bo‘lgan talab o‘rtasida oqilona muvozanat zarur. Resurslarni tejaydigan ishlab chiqarish usullarini kengaytirish nafaqat ekologik xavflarni kamaytiradi, balki korxonalarning xarajatlarini qisqartirish va samaradorligini oshirish imkonini ham beradi. Ekologik siyosat natijasini faqat ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, ularning saqlanishi va tabiiy muhit sifatidagi real o‘zgarishlar bilan baholash lozim.
Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Qonunlarning barcha uchun teng ishlashi fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytiradi, tadbirkorlar ishonchini oshiradi va investitsiya uchun barqaror sharoit yaratadi. Kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash ham zamonaviy xavfsizlikning ajralmas qismidir.
Shu o‘rinda, bir yangilikni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida kiberxavfsizlikni ta’minlashda, soha xodimlarining bilim va malakasini oshirishda universitetimiz olimlari uchun muhim vazifa va topshiriqlar belgilab berildi. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Qarshi davlat texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan bu jarayonda universitetimizning ilmiy salohiyati va olimlarimiz tajribasidan keng foydalaniladi. Dual ta’lim rivojlantiriladi. Hamkorlikda grant tanlovlarida qatnashish, monografiyalar tayyorlash ham hamkorlikning muhim jihatlaridan biridir.
Birgalikda dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish, magistrantlarning bitiruv malakaviy ishlari mavzularini soha muammolari asosida belgilash ham ko‘zda tutilgan. Kiberxavfsizlik bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini birgalikda olib borish yaxshi samara berishi alohida qayd etildi.
Kelishuvga ko‘ra, endilikda universitet bazasida ichki ishlar organlarining sohalari yo‘nalishida o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Mashg‘ulotlar ikki bosqichda tashkil etilib, universitet hamda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi.
Oltinchi milliy dastur mahallani taraqqiyotning asosiy buyurtmachisiga aylantirish g‘oyasini ilgari suradi. Bu yondashuvda hududni rivojlantirish rejalari yuqoridan belgilangan umumiy ko‘rsatkichlargagina emas, aholining kundalik ehtiyojlariga tayanadi. Yo‘l, ichimlik suvi, bandlik yoki ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha ustuvorliklarni belgilashda mahalla fikri muhim bo‘lishi lozim. Biroq tashabbusning samara berishi uchun mablag‘ taqsimoti shaffof, ijro esa jamoatchilik nazorati ostida bo‘lishi zarur.
Bugungi yangilanishlar nafasi O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyori sifatidagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi. Millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati jamiyat barqarorligi bilan birga savdo, investitsiya va ilmiy hamkorlik uchun ham keng imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan transport, suv va ekologiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik mintaqaning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Bilimli va sog‘lom avlod yuqori unumdor iqtisodiyotni yaratadi. Qonun ustuvorligi uning rivojlanishiga ishonchli zamin bo‘ladi. Ekologik mas’uliyat esa bu yutuqlarni kelajak avlodga yetkazishning muhim omilidir. Mahallaning faol ishtiroki va jamiyatdagi hamjihatlik esa islohotlarni odamlar hayotiga yaqinlashtiradi.
Endigi asosiy masala – belgilangan maqsadlarni amalga oshirish va hayotga izchillik bilan tatbiq etish. Bunda har bir hududning iqtisodiy ixtisoslashuvi va imkoniyatlari hisobga olinishi, dasturlar ijrosi muntazam tahlil qilinishi, ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligi kuchaytirilishi lozim. Zero, mustaqillikning eng yorqin ifodasi – fuqarolarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, munosib yashashi va kelajakka ishonch bilan qarashidir. O‘ttiz besh yillik tarixiy sarhisob bizni aynan shu maqsad yo‘lida bilim, mehnat va hamjihatlik bilan harakat qilishga undaydi.
Gulshoda Xo‘janova,
Qarshi davlat texnika universiteti “Innovatsion iqtisodiyot” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
O‘zA