Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilari: qo‘shma tashabbuslar sari muhim qadamlar
Oliy Majlis Senatiga «Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilari» mintaqaviy dasturi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan xorijiy davlatlar delegatsiyalarining vakillari hamda faol yoshlar yetakchilari tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan kechgan qizg‘in va konstruktiv muloqotda Markaziy Osiyoda shakllanayotgan mutlaqo yangi siyosiy muhit umummintaqaviy hamkorlikni tubdan kengaytirish, ishonchli siyosiy muloqotni qaror toptirish va global hamda mintaqaviy muammolarga birgalikda samarali yechim topishda beqiyos imkoniyatlar yaratayotgani alohida e’tirof etildi.

O‘zbekistonda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, «Yangi O‘zbekiston yoshlari - 2030» strategiyasining tub mazmun-mohiyati, mahallalarda yoshlar yetakchilari institutining noyob tajribasi hamda Yoshlar parlamentlarining o‘sib kelayotgan avlod manfaatlarini yuqori minbarlarda ifoda etishdagi o‘rni va nufuziga to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilishga qaratilgan konstitutsiyaviy va parlament islohotlari, Senatning kengaytirilgan vakolatlari hamda qonun ijodkorligi jarayonidagi faol o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mintaqada yoshlar bandligini izchil ta’minlash, zamonaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt kabi strategik sohalarda o‘zaro tajriba almashinuvini kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Zero, bugungi shiddatli davrda yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda raqamli taraqqiyotni jadallashtirish davlatlar oldidagi eng ustuvor va kechiktirib bo‘lmas vazifalardan.

Senat Raisi yosh yetakchilar kelgusida muntazam va jonli muloqotni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash hamda uzoq muddatli qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etish orqali mintaqaviy hamkorlik poydevorini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi zarurligini alohida ta’kidladi.
N.Abduraimova,
O‘zA