Surxondaryolik yosh gazchilar bayramni Shahrisabzda nishonlamoqda
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialida mehnat qilayotgan bir guruh faol yoshlar uchun Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga sayohat uyushtirildi.
Bayram arafasida yoshlarni sayohatga kuzatish chog‘ida “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktori M.Mansurov Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan yigit-qizlarga davlatimiz ko‘rsatayotgan yuksak e’tibor haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yosh gazchilarga sayohatlari sermazmun, maroqli o‘tishini tiladi.

Maftunkor shaharga kelgan surxondaryolik yoshlar sayohatini Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasidan boshladi. O‘z davrida Amir Temur barpo etgan qadimiy majmuani ziyorat qilib, uning qurilish tarixi bilan yaqindan tanishdi. Oqsaroyning tarixiy ahamiyati, me’moriy xususiyatlari, san’at va madaniyatga ta’siri, zamonaviy ahamiyati, shuningdek, arxitektura uslublari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shahrisabz tumani markazidan 35 chaqirimcha uzoqda bunyod etilgan Hisorak suv ombori ham yosh gazchilarda boy taassurot uyg‘otdi. Yirik gidrotexnik inshootni ko‘zdan kechirib, betakror tabiat manzaralaridan bahramand bo‘ldi.

Sayohat dasturida yoshlarning nafaqat tarixiy-madaniy obidalarni ziyorat qilib, diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishishi, balki qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib, mazmunli hordiq chiqarishi ham rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri