Superligada “Neftchi” hamon peshqadam
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 11-turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z yakuniga yetdi va musobaqada iyul oyining o‘rtalariga qadar tanaffus e’lon qilindi.
Mazkur turning so‘nggi kunida "Andijon" klubi safarda "Xorazm" bilan bahs olib borib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. "Lokomotiv" o‘z maydonida "Qizilqum"ni 1:0 hisobida taslim qilgan bo‘lsa, “Nasaf” va “Navbahor” bellashuvida hisob ochilmadi.

Qayd etilgan natijalarga ko‘ra, “Neftchi” 28 ochko bilan yaqqol peshqadamligini saqlab qolgan bo‘lsa, “Paxtakor” 26 ochko to‘plab, ikkinchi o‘rinni band etdi. “Buxoro” va “Navbahor” bir xil 20 ochkodan jamg‘arib, gollar nisbatiga ko‘ra 3-4 o‘rindan joy oldi. Kuchli beshlikni “Bunyodkor” 19 ochko bilan yakunladi.

“Lokomotiv” esa 17 ochko to‘plagan holda 6-pog‘onada qoldi. OKMK va “Andijon” 16, “Nasaf” esa 14 ochko bilan 7-9 o‘rinlarga taqsimlandi. Shuningdek, 10-11 o‘rinlarda borayotgan “Qizilqum” va “Xorazm” hisobidagi ochkolarini 13 taga yetkazdi. “Surxon” 12, “Dinamo” va “Qo‘qon-1912” 11 ochko bilan keyingi o‘rinlardan joy oldi. “So‘g‘diyona” 9 va “Mash’al” esa ochkochiz jadvalning quyi qismida qolmoqda.

O‘zbekiston Superligasining 11-turidan so‘ng to‘purarlar ro‘yxatida hozircha "So‘g‘diyona" hujumchisi Lyupcho Doriyev 7 ta gol bilan peshqadam bo‘lib turibdi.
Uni Dostonbek Hamdamov, Stefen Chinedu va Temurxo‘ja Abduxoliqov 6 tadan gol bilan ta’qib etmoqda.
Superliganing 12-tur o‘yinlari 16-18-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA