Sun’iy intellekt texnologiyalarining lingvistik ekspertologiyada qo‘llanilishi
Lingvistik ekspertologiyada raqamli kommunikatsiya muhitining keskin kengayishi ekspertlar oldiga yangi turdagi obektlarni — ijtimoiy tarmoq postlari, messenjer yozishmalari, audio va video transkriptlar, ko‘pkanalli (multimodal) kontent, metadata hamda platformalarga xos izlarni tahlil qilish vazifasini qo‘ymoqda. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarning jadal rivojlanishi lingvistik ekspertizaga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda. Bunday sharoitda an’anaviy tahlil usullari har doim ham yetarli samara bermaydi.
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda tadqiqotlarni sun’iy intellekt va kompyuter texnologiyalari asosida olib borish ularning ishonchliligi, xolisligi va tezkorligini ta’minlaydi. Shu bois lingvistik ekspertologiyada kompyuter texnologiyalari, xususan, sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish imkoniyatlariga tayangan innovatsion yechimlarni joriy etish ilmiy-amaliy zaruratga aylanmoqda. Sud lingvistikasida raqamli matnlarni tahlil qilish jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalari ekspert tahlilining samaradorligi va aniqligini sezilarli darajada oshiradi.
Mazkur yondashuv sun’iy intellekt texnologiyalarining lingvistik ekspertologiyada nafaqat avtomatlashtirish vositasi, balki ekspert xulosalarining ilmiy asoslanganligi va tekshiriluvchanligini ta’minlovchi metodologik mexanizm sifatidagi ahamiyatini ham ko‘rsatadi. Xususan, ushbu yondashuv ekspert xulosasining qaysi lingvistik belgilar va statistik omillarga tayangan holda shakllanganini izohlash imkonini beradi. Bu esa sud-huquqiy ekspertizada xulosaning daliliy kuchini oshirish bilan birga, uni qayta tekshirish imkoniyatini ham yaratadi.
Shuningdek, sun’iy intellekt va lingvistik ekspertizaning uyg‘unlashuvi ekspertiza sifatini oshirishi bilan bir qatorda, sud jarayonida dalillarning ishonchliligi, qo‘llanilgan metodlarning tekshiruvdan o‘tishi va qayta qo‘llanishi kabi mezonlarni ham mustahkamlaydi.
Bizningcha, mazkur integrativ yondashuv lingvistik ekspertologiyada “inson eksperti + algoritmik tahlil” modelining shakllanishiga olib keladi. Bunda sun’iy intellekt ekspertning o‘rnini to‘liq egallamaydi, balki murakkab til birliklarini aniqlash, statistik tendensiyalarni ko‘rsatish hamda xulosalarni verifikatsiya qilish orqali ekspert faoliyatining ilmiy aniqligini kuchaytiradi. Shu sababli izohlanuvchanlik va tekshiriluvchanlik tamoyillari kelajak lingvistik ekspertizasining asosiy metodologik mezonlaridan biri sifatida qaralishi mumkin.
Til modellari va sun’iy intellektning rivojlanishi ilm-fan uchun yangi imkoniyatlar bilan birga, qator xavf va cheklovlarni ham yuzaga keltirmoqda. Mashinaviy o‘qitish va sun’iy intellekt texnologiyalarining ilmiy tadqiqotlarga tatbiq etilishi katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash, murakkab bog‘liqliklarni aniqlash hamda tadqiqot natijalarining aniqligini oshirish imkonini bermoqda. Ayniqsa, insondan ko‘p vaqt talab etadigan statistik va korpus tahlillarining avtomatlashtirilishi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Shu bilan birga, ushbu texnologiyalar bilan bog‘liq ayrim xavf va cheklovlar ham mavjud. Jumladan, algoritmik xatoliklar, ma’lumotlar bazasidagi noto‘g‘ri yoki biryoqlama namunalar natijasida modelning noobektiv qarorlar qabul qilishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan matnlarning inson nutqiga tobora yaqinlashib borayotgani mualliflikni aniqlash, akademik halollik hamda axborot ishonchliligini ta’minlash bilan bog‘liq yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda.
V. Abduraxmonova,
Respublika sud ekspertiza markazi eksperti
O‘zA