O‘zbek milliy musiqa merosini asrash maqsadida “Ohang” platformasi ishga tushirildi
“O‘ztelekom” kompaniyasi hamda WeDigital agentligi hamkorligida O‘zbekistonning an’anaviy musiqa san’atini asrash, o‘rganish va keng ommaga yetkazishga qaratilgan “Ohang” raqamli platformasi taqdim etildi.
Mazkur loyiha “O‘ztelekom”ning yangi brend platformasi – “Barcha uchun texnologiyalar” konsepsiyasining ilk amaliy tashabbuslaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi.

Platformaning ochilish marosimida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. U o‘z nutqida ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 1-iyun kuni madaniyat va san’at vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.

Loyiha zamonaviy texnologiyalar yordamida milliy madaniy merosni saqlash, uni keng jamoatchilikka yetkazish va yoshlar o‘rtasida an’anaviy musiqa san’atiga qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA