Stokgolmda O‘zbekistonning suv tanqisligiga qarshi kurashish bo‘yicha tajribasi taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Shvetsiyaning Stokgolm xalqaro suv instituti (SIWI) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat Stokgolmda o‘tayotgan “World Water Wyeyek - 2026” doirasida ishlab chiqilgan.
Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi – mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, sohada institutsional samaradorlikni oshirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan iborat. Hamkorlikda suv va iqlim diplomatiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Hamkorlikda davlat xizmatchilari, soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchi va talabalar uchun suv diplomatiyasi, iqlimga moslashish, xalqaro muzokaralar, nizolarning oldini olish, havza boshqaruvi hamda ilm-fan va siyosat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanadi. O‘quv va amaliy dasturlar tashkil etiladi. Milliy qonunchilik va institutsional siyosatni inobatga olgan holda qo‘shma tadqiqotlar o‘tkaziladi. Ilmiy nashrlar, yangi uslubiyat va innovatsion ishlanmalarni o‘zaro bo‘lishish yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu hamkorlik suv resurslarini barqaror boshqarish va sohaga zamonaviy, xalqaro yondashuvlarni joriy etish orqali mamlakatimiz va butun mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, Stokgolmda o‘tayotgan “World Water Wyeyek - 2026” doirasida Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari T.Butunbayev O‘zbekistonning suv tanqisligiga qarshi kurashish bo‘yicha tajribasini taqdim etdi.

Unda 2017-yilda suv tejovchi texnologiyalar sug‘oriladigan yerlarning bir foizdan ham kam qismini qamrab olgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshgan – 2,6 million gektarga yetgani va yiliga 11 milliard kub metr suv tejalayotgani, 2030-yilga borib bu raqamni 15 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA