Chegara bojxona postlarida avtotransport vositalarining o‘tish vaqti 72 daqiqadan 28 daqiqaga qisqardi
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita rahbariyati, tizim faxriylari va bojxona xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov ishtirokchilarni yurtimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami — Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, istiqlol yillarida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda iqtisodiyotda ochiqlik va raqobat muhiti kuchayib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish, tashqi savdoni rivojlantirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida muhim natijalarga erishildi.

Bu jarayonlarda bojxona organlarining o‘rni va mas’uliyati ham tobora ortib bormoqda. Jumladan, 2023–2025-yillarda import qilingan tovarlar hajmi 58 foizga, bojxona imtiyozlari 25 foizga oshganiga qaramay, davlat byudjetiga 198 trillion so‘m bojxona to‘lovlari undirildi. Bu ko‘rsatkich avvalgi uch yillikka nisbatan 90 foizga, ya’ni 94 trillion so‘mga ko‘pdir.
Chegara bojxona postlarida avtotransport vositalarining o‘rtacha o‘tish vaqti 72 daqiqadan 28 daqiqaga qisqartirildi. Natijada 15 mingdan ortiq eksportyor va 30 mingga yaqin importyorning vaqti hamda ortiqcha xarajatlarini tejash imkoni yaratildi.

So‘nggi uch yilda tovarlarni noqonuniy olib o‘tish bilan bog‘liq 94 506 ta holat aniqlanib, 2,9 trillion so‘mlik tovarlar ushlab qolindi. Shuningdek, 241 milliard so‘mlik zargarlik buyumlari, 158 milliard so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari hamda 110 milliard so‘mlik mobil aloqa vositalari aniqlandi.
Aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 12 tonna giyohvandlik moddalari, 1,5 tonna psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar aniqlandi. Shu bilan birga, 216 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari va 213 milliard so‘mlik dori vositalari noqonuniy muomaladan chiqarildi.

Bojxona tizimida raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ham muhim natijalar qayd etilmoqda. So‘nggi uch yilda 20 dan ortiq davlatdan 200 nafardan ziyod vakil hamda 15 ga yaqin xalqaro tashkilotning 100 dan ortiq xodimi Bojxona qo‘mitasiga tashrif buyurib, raqamlashtirish jarayonlari va «Bojxona rasmiylashtiruvi markazi» faoliyati bilan tanishdi.

Jahon bankining 2023-yilgi Logistika samaradorligi indeksida O‘zbekiston bojxona samaradorligi subindeksi bo‘yicha 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bojxona tashkiloti esa 2026-yilda O‘zbekiston bojxonasining raqamlashtirish sohasidagi islohotlarini namunaviy tajribalardan biri sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi 2023-yildan buyon raqamlashtirish yo‘nalishida 90 dan ortiq davlat idoralari orasida muntazam ravishda yuqori natijalarni qayd etib, birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan qabul qilgan farmoniga muvofiq, 9 nafar bojxona xodimi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir guruh bojxona faxriylari va xodimlariga «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi. Xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, yuqori natijalarga erishayotgan 9 nafar xodimga navbatdagi «polkovnik» va «podpolkovnik» maxsus unvonlari berildi.

Bojxona institutining ashula va raqs ansambli tomonidan tayyorlangan badiiy dastur barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA