Sport vaziri ijodiy imtihon jarayonlarini kuzatdi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun alohida iqtidor talab etiladigan kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari uchun o‘tkazilayotgan kasbiy imtihon jarayonlarini sport vaziri A.Ikromov kuzatib bordi.
Jarayonlar davomida mutasaddilar abituriyentlar, ularning ota-onalari va yaqinlari bilan suhbatlashdi. Imtihonlarning ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilayotgani yuzasidan fikr-mulohazalar aytib o‘tishdi.
Imtihonlarda har bir yoshning iqtidori, jismoniy tayyorgarligi, texnik va taktik ko‘nikmalari xolis va aniq mezonlar asosida baholanishi nazoratga olingani bildirildi.

Natijalar ERP sport platformasi orqali real vaqt rejimida e’lon qilinishi, belgilangan tartibda talabalikka talabgorlarga yetkazish tizimi ishga tushirilgani qayd etildi. Bu, iste’dodi, jismoniy holati baland bo‘lgan yoshlar talabalikka qabul qilinishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA