Soliq bilimdonlari bellashdi
Samarqandda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi.
Samarqandda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi.Mamlakatimizning barcha hududlaridan jamoalar ishtirok etgan tadbirning ochilish marosimida Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktorining birinchi o‘rinbosari X.Zikrillayev, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Mirzarahimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasida 2016-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq tashkil etilgan tanlov ham o‘quvchilarning soliq qonunchiligi sohasidagi bilimini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tanlovda o‘quvchi-yoshlar to‘rt shart asosida o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Bilimdon jamoalarning chiqishi soliq sohasi xodimlari hamda malakali mutaxassislardan iborat hay’at tomonidan baholab borildi.
– Litseyimiz Qoraqalpog‘istondagi eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biridir, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litsey o‘qituvchisi Jaqsiliq Biyimbetov. – “Siz qonunni bilasizmi?”, “Yuksak ma’naviyatli avlod” kabi tanlovlarning mamlakat bosqichida yuqori o‘rinlarni egallaganmiz. Mazkur tanlovga ham o‘quvchilarimiz puxta tayyorgarlik ko‘rib, soliq qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi. Tadbir bahonasida yer yuzining sayqali hisoblangan Samarqandni ziyorat qilish, bu yerda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan xursandmiz.
Toshkent soliq kollejining “Zamonaviy soliqchilar” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Farg‘ona soliq kollejining “Soliqchilar” jamoasiga, uchinchi o‘rin Samarqand viloyatidagi Oqdaryo maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining “Uchqun” jamoasiga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning Samarqand shahridagi tarixiy obida va diqqatga sazovor maskanlar, ta’lim muassasalari, sport inshootlariga sayohati uyushtirildi.