Sirdaryoda ish o‘rinlari ko‘p, ammo kadrlar yetishmaydi
Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida hozirgi kunda 570 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Shu bilan birga, sohada malakali kadrlar yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda. Bu haqda Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari ishtirokida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat joriy yilda universitetni tamomlaydigan 216 nafar sirdaryolik bitiruvchi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Ular hududdagi tibbiy muassasalarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga jalb etilishi mumkin.

Hozirgi kunda Toshkent davlat tibbiyot universitetida 1200 nafardan ziyod sirdaryolik yoshlar tahsil olmoqda. Ular kelajakda viloyat va respublika tibbiyot tizimi uchun zarur mutaxassislar sifatida tayyorlanmoqda.
Uchrashuv Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymuradov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov, Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramov hamda soha mutasaddilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida talabalarning taklif va tashabbuslari tinglandi, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Asosiy e’tibor yoshlarning bandligini ta’minlash, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalalariga qaratildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev bunday ochiq muloqotlar yoshlar muammolarini aniqlash va ularni tizimli hal etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA