“Turon yo‘lbarslari” respublika bosqichi yakunlandi
Chirchiq shahridagi Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi yakunlandi.
Bir necha kun davom etgan musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan saralab olingan iqtidorli yoshlar ishtirok etdi. Bellashuvlar davomida qatnashchilar jismoniy tayyorgarlik,epchillik, chidamlilik, jamoaviy hamjihatlik va harbiy intizom bo‘yicha sinovlardan o‘tdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent viloyati Zangiota tumani ixtisoslashtirilgan maktabining “Amir Temur izdoshlari” jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Andijon viloyati Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining “Sohibqiron” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Jizzax viloyati Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining “Vatanparvar” jamoasi egalladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shakirova ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni tabrikladi.

Mutasaddilar bunday musobaqalar yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va jismoniy jihatdan yetuk etib tarbiyalashda, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning vatanparvarlik, jasorat va qat’iyat kabi fazilatlarini mustahkamlashiga muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA