Sinquefield Cup-2026: Uesli So-Javohir Sindorov “jangi” chempionni aniqlab bera oladimi?
Bugun, 19-avgust kuni AQSHning Sent-Luis shahri shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan “Sinquefield Cup-2026” turnirining so‘nggi 9-tur bahsida mahoratli grossmeysterimiz Javohir Sindorov qora donalarda amerikalik Uesli So bilan kuch sinashadi.
Mazkur to‘qnashuv “Grand Chess Tour” seriyasining hal qiluvchi bosqichida qaysidir ma’noda g‘olibni aniqlab berishi bilan ahamiyatli sanaladi.
Sababi, Uesli So-Javohir Sindorov “jangi”da hamyurtimiz g‘alaba qozonsa, shuningdek, chempionlikka da’vogarlar hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha va germaniyalik Vinsent Keymer oxirgi turda raqiblariga imkoniyatni boy bersa, “Sinquefield Cup-2026” g‘oliblik shamoli O‘zbekistonga yuzlanadi.
Biroq, 9-turda Rameshbabu Praggnanandha oq donalarda 9-o‘rinda borayotgan niderlandiyalik Anish Giri bilan, Vinsent Keymer qora donalarda Jorden van Forest bilan kuch sinashishi ushbu ehtimolning haqiqatga aylanishi ancha murakkabligini ko‘rsatayotgandek, nazarimizda.

Bundan tashqari, turnir peshqadami va shu bilan birga musobaqaning amaldagi chempioni Uesli Soning musobaqa davomidagi shiddati g‘oliblikni qo‘ldan boy beradigan darajada emasligi, uni Sindorov bilan o‘yinda durang ham qanoatlanishini e’tiborga olsak, vaziyat kutganimizdek yengil emasligini anglatmoqda.
Nima bo‘lganda ham, kecha o‘tkazilgan 8-turda Sindorov turnirdagi ikkinchi g‘alabasini tantana qilganligi biz uchun omad va umid qo‘ng‘iroqlarini chalayotgandek.

O‘tgan 7-turda qora donalarda Sent-Luis musobaqasi g‘olibligiga da’vogarlardan biri germaniyalik Vinsent Keymerni mag‘lubiyatga uchratgan Javohir 8-turda niderlandiyalik Jorden van Forestni dog‘da qoldirdi.
Ortda qolgan turda Rameshbabu Praggnanandha qora donalarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagravni, Vinsent Keymer oq donalarda amerikalik Fabiano Karuanani yengdi. Qolgan ikkita turda murosa yo‘li tanlandi.
9-tur o‘yinlari oldidan amerikalik Uesli So 5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. 2-pog‘onani band etgan Rameshbabu Praggnanandha hisobida ham 5 ochko mavjud. Sindorov va Vinsent Keymer 4,5 ochko keyingi o‘rinlarni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan, 2-o‘rin sohibi 65 ming, 3-o‘rin 50 ming, 4-o‘rin 35 ming, 5-o‘rin 25 ming, 6-o‘rin 20 ming, 7-o‘rin 18 ming, 8-o‘rin 15 ming, 9-o‘rin 12 ming hamda 10-o‘rin 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA