DXX kubogi: Futbol bo‘yicha 3-tur bahslari bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston bo‘ylab yuzlab yosh futbolchilarni birlashtirgan DXX kubogi qizg‘in pallaga kirdi.
Poytaxtimizdagi «Bunyodkor» futbol akademiyasi maydonlarida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogi doirasida futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalar qizg‘in davom etmoqda.
Bu yilgi musobaqaning qamrovi keng bo‘lib, futbol va mini-futbol bo‘yicha bahslarda jami 42 ta jamoadan 500 nafardan ziyod yosh charm to‘p ustasi ishtirok etmoqda. Bellashuvlarni yuqori saviyada tashkil etish, yoshlar uchun haqiqiy sport bayrami muhitini yaratish hamda iqtidorli futbolchilarni kashf etish maqsadida Sport vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston futzal federatsiyasi va tegishli tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, hakamlik guruhlari faoliyat olib bormoqda.
Yurtimizda tobora ommalashayotgan futbol bo‘yicha bahslar keskin va murosasiz kechmoqda. Musobaqaning guruh bosqichidagi dastlabki ikki tur uchrashuvlari yakunlandi. Bugun, 19-avgust kuni saralash bahslarining hal qiluvchi 3-turiga start beriladi.
A guruhi:
18:45 — Farg‘ona viloyati — Qoraqalpog‘iston Respublikasi;
20:00 — Toshkent shahri — Toshkent viloyati.
B guruhi:
20:00 — Sirdaryo viloyati — Namangan viloyati.
C guruhi:
17:00 — Surxondaryo viloyati — Qashqadaryo viloyati;
20:30 — Andijon viloyati — Surxondaryo viloyati.
D guruhi:
17:00 — Jizzax viloyati — Navoiy viloyati;
18:45 — Buxoro viloyati — Xorazm viloyati.
[gallery-30955]
Musobaqa dasturiga muvofiq, saralash bahslari 21-avgustga qadar davom etadi. DXX kubogining futbol bo‘yicha final uchrashuvlari esa 22-avgust kuni poytaxtimizdagi «Jar» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi stadionida o‘tkaziladi.
DXX kubogi yoshlarni futbolga keng jalb etish, ularning sport mahoratini oshirish, shuningdek, iqtidorli futbolchilarni aniqlash va ularga o‘z salohiyatini namoyon etish uchun munosib imkoniyat yaratmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA