SHAXSNAVIS ADIB
Oydinlarimiz
Kecha O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida taniqli adib va publitsist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ashurali Ochilovich Jo‘rayev tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan quyidagi maqolani hukmingizga havola etyapmiz.
Stolim ustida – bir ijodkor qalamiga mansub bir nechta kitob. Ularni ustma-ust qo‘yib, o‘lchasam, umumiy bo‘yi bir qarichdan oshdi. Keyin nomlarini qayd etish uchun yoygan edim, noutbugim atrofini butkul o‘rab oldi: “Toshboqalar poygasi” (1986), “Senga ko‘ngil bersam...” (1999), “Konvert odam” (2015), “Odil Yoqubov xazinasidan” (2017), “Uyg‘onish zamoning muborak bo‘lsin” (2020), “Vijdon qo‘ng‘irog‘i” (2021), “Sahifaga sig‘magan satrlar” (2022), “Yurak bo‘ronlari” (2024), “Botir Zokirov – o‘zbek bulbuli” (rus tilida, Moskva, 2026), “Do‘ppisi yo‘q dunyo” (2026), “Oltin ovozlar” (2026). Bular hali u yozgan kitoblarning hammasi emas, kaminada borlarigina, xolos. Keyingi uchtasi shu yil bosilib chiqqani muallifning bugungi faolligidan dalolat beradi.
Bulardan biri ko‘zga yaqin edi. Sho‘ro zamonida nashriyotlar kitob qo‘lyozmasini bir mutaxassisga taqrizga berar, nashrda taqrizchining nomi ham qayd etilar edi. Adibning ilk kitobi bo‘lmish hikoyalardan iborat “Toshbaqalar poygasi”ga taqriz yozib bergan ekanman. Arxivimdan bundan 42 yil burun bitilgan o‘sha matnni topib oldim. Albatta, unda uncha-muncha takliflar ham aytilgan ekan. Shu takliflarning aksariyati inobatga olinib, hikoyalar saralangan, ayrimlari to‘plamga kiritilmagan, yangilari qo‘shilgan, ba’zilari jiddiy tahrir ham qilinganiga guvoh bo‘lasiz. Taqrizdagi ikki muhim parchani bugun aynan keltirish – o‘rinli bo‘lsa kerak. Birinchisi: “Muallifning muvaffaqiyati hayotning achchiq haqiqatlarini anglay boshlagan bola obrazini chizishga intilishida ko‘zga tashlanadi. Yosh yozuvchini bolalarning dunyo faqat yaxshiliklardangina iborat emasligini fahmlab qolgan lahzalarini qalamga olish ko‘proq qiziqtiradi. Bu – ijobiy xususiyat”. Ikkinchisi: “Qalamkash hali saviyasi jihatidan bulardan yuksakroq asarlar yozadi, deb ishonaman”.
Adib, chindan, yuksak saviyadagi asarlar yaratdi. Uning mavzu ko‘lami va janrlar maydoni ham kengaygandan-kengaydi. Hikoyadan tashqari, qissa, feleton qissa, ma’rifiy qissa, esse, xotira-esse, ocherk, hangoma, ibratli va hazil iboralar, ma’rifiy roman, qanchadan-qancha tahliliy-publitsistik maqolalar... yozdi.
Shunga ham, qarang, 40 yil bo‘libdi. Mana, bugun shu muallif 70 ga to‘lib turibdi.
Tarixni xalq yaratadi. Daqyonusdan qolgan bu haqiqatni har bir davr qaytadan isbotlayveradi. Chunki o‘tayotgan muayyan bosqichning o‘z ilg‘or kishilari bo‘ladi. Shuning uchun, siyosatlar har qancha o‘zgarmasin, adabiyot zamona qahramonini yaratish g‘oyasidan aslo voz kecha olmaydi. Hatto, hazrat Navoiydek buyuk zot ijodi ham bundan mustasno emas. Axir, u “Xamsa”dek sof badiiy-she’riy yodgorlikda bag‘ishlov bahonasida hayotiy misollar orqali necha-necha zamondoshlari ta’rifu tavsifini keltirmadimi? “Xamsa” tarkibidagi “Hayrat ul-abror”dek sof badiiy asarda Sulton Husayn Mirzoni adolat timsoli qilib ko‘rsatmadimi? Yoki o‘z davrining eng komil uch shaxsi sifatida ustozi va piri Mavlono Abdurahmon Jomiy, ustozlari va do‘stlari Sayyid Hasan Ardasher va Pahlavon Muhammad hayoti va faoliyati xususida “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” va “Holoti Pahlavon Muhammad” deb nomlangan manoqib-holotlarini, bugungi tushuncha bilan aytganda, adabiy portret, portret ocherk yoki esselarini bitmadimi?
Dunyo faqat odamlardangina iborat emas. Eh-he, u qanchalar keng, cheksiz, rang-barang, xilma-xil. Shunday bo‘lsa ham, insonni, avvalo, inson eng ko‘p qiziqtiradi. Ilm shu kengdan-keng olamni faqat va faqat odam manfaatlari nuqtayi nazaridan o‘rganadi. Olimlar butun borliqni “olami kubro”, ya’ni katta olam, odamni “olami sug‘ro”, ya’ni kichik olam deb hisoblashadi. Inson qalbida Alloh taolo ham aks etishi mumkinligidan kelib chiqib, avliyo zotlar, aksincha, butun borliqni “olami sug‘ro”, insonni esa “olami kubro” deyishgan. Chunki inson Alloh taolo yaratganlarining eng buyugi hisoblanadi. Jami mavjudot orasida bani bashardek murakkabi ham, mukammali ham yo‘q.
Keling, bu baland, osmono‘par falsafiy mushohadalardan sal pastroqqa tushaylik.
Umri qalam tebratish bilan o‘tayotgan ko‘plarning ba’zan o‘zi haqida ikki betlik tarjimayi hol bitishga ham holi kelmaydi. Endi birov haqida bir narsa yozib, nashr ettirishning mashaqqatini ko‘z oldingizga keltiring.
O‘zi – rosti, yozish oson ish emas. Yaqinda kitobda bosilgan bir maqolamni gazeta tahririyatiga jo‘natmoqchi bo‘lgan edim. Qarasam, bor-yo‘g‘i ikki sahifalik matnda uch xatboshi “lekin” so‘zi bilan boshlanibdi. Axir, tilimizda “ammo”, “biroq” ham bor edi-ku. Yoki ba’zan, hatto, “kerak”, “lozim”, “darkor”, “zarur”, “shart”, “talab qilinadi”, “taqozo etadi”, “to‘g‘ri keladi”... kabi variantlarning qay birini ishlatish haqida bosh qotirib qolasan ham.
Har bir qalamkash ijodining yetakchi xususiyati bo‘ladi. Shu ma’noda bu adibni zamona qahramonlari haqida bitish ko‘proq qiziqtiradi. Shundan kelib chiqib, uni “shaxsnavis adib” deb ta’riflaging keladi. Buni asarlarining saarlavhalarida “inson” va “odam” so‘zlari ko‘p uchrashidan ham bilsa bo‘ladi. Uning ocherklar va esselardan iborat “Uyg‘onish zamoning muborak bo‘lsin” to‘plamidan joy olgan uch turkumning ikkitasi sarlavhasida “inson” so‘zi uchraydi: “Mehrim tushgan insonlar”, “Insoniylik yuki”. Kitobdagi ikki asar sarlavhasida esa “odam” kalimasi istifoda etilgan: “Odamlarni boy qilsak – davlat ham boy bo‘ladi”, “Odamlar zavqi bilan yashash zavqi”. Uning bir feleton-qissasi “Konvert-odam”, monolog tarzida bitilgan bir asari “Shoshilayotgan odam” deb ataladi.
Aslida, real shaxs haqida yozish – juda qiyin ish. Chunki ko‘pchilik tanigan-bilgan kishi to‘g‘risida to‘qib tashlayolmasang. Hech kim Navoiyning to‘qima timsoli Farhod bo‘lolmaydiki, uch yilda ikki yuz toshyo‘nar usta qilgan ishni bir kunda bajarsa. Yoki xalq to‘qigan Alpomish emaski, yetti yoshida bobosi Alpinbiydan qolgan o‘n to‘rt botmon, ya’ni qariyb ikki yarim tonnali afsonaviy kamon-yoyni dast ko‘tarsa.
Bu adib asarlari orasida to‘rttasi alohida ajralib turadi. “Esar Jayhun shamollari” essesi – ajoyib xonanda Otajon Xudoyshukurov (1944 – 1994) haqida. Botir Zokirov (1936 – 1985) haqida “Yurak bo‘ronlari” ma’rifiy romanini yozdi.
Olamdan o‘tgan kishining sog‘inchi uning vafotidan uzoqlashgan sari kuchayadimi yoki vaqt o‘tgan sari kamayib boradimi? Albatta, javoblar ikkiga bo‘linadi. Ammo haqiqat shuki, o‘limdan uncha uzoqlashilmagan davrlarda sog‘inch kuchli, xotira ham hali unchalar xiralashmagan bo‘ladi. Bu asar dastlab qissa sifatida 1989-yili, ya’ni ulug‘ san’atkor vafotidan to‘rt yil o‘tib nashr etilgan edi. Yozuvchi uni qayta ishlab, to‘ldirib, pishitib, ma’rifiy romanga aylantirdi va bu yangi variant 2024-yili nashr etildi. Ruschasi yaqinda Moskvada bosildi.
2000-yil 25-avgustida bu buyuk san’atkorga vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun”, 2021-yil 26-avgustida esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. 2020-yil 2-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”, 2021-yil 16-oktabrda “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari imzolandi.
Nazarimda, bizda musiqa tanqidchiligi u qadar rivojlanmagandek. Har bir taniqli xonandamiz ijod yo‘li, uslubi, o‘ziga xosligi, topilmalari, yangiliklari haqida juda kam o‘qiymiz. Holbuki, ular ijodining bir-biriga o‘xshamagan, kelajak avlod uchun o‘rnak bo‘ladigan ko‘p-ko‘p jihatlari mavjud.
O. Xudoyshukurov haqidagi esse hamda B. Zokirov xususidagi ma’rifiy roman shu kemtiklikni ancha to‘ldiradi. Ularda xonandalarning ijod “ustaxona”siga dadil kirib borilgan. Hayotining murakkab jihatlari ham yozuvchi sifatida ochib berilgan. B. Zokirovning, sog‘lig‘i bilan bog‘liq chekkan zahmatlariga qaramay, qanday kuch-qudrat, maqsad, mehnat-mashaqqat bilan shu qadar yuksak darajadagi ijod namunalarini yaratishdagi jasorati ko‘rsatilgan. Eng muhimi, adib bunda buyuk xonandaning san’atga sadoqati, uni xalqqa xizmatning muqaddas vositasi sifatida qarashi, faqat va faqat yuksak saviyadagi asarlarnigina el hukmiga havola etish zarurati haqidagi qat’iyati asos bo‘lganini hayotiy dalillar bilan yaxshi yoritgan. Bir suhbatida ulug‘ artist: “Umuman, san’atkor televizordami, sahnadami, qayerda bo‘lmasin, haqiqiy qo‘shiq uning yuragidagi bo‘ronlarini (agar u yurakda bo‘lsa) tomoshabin qalbiga ko‘chirishi kerak”, – deydi. Endi mana bu qat’iy pozitsiyaga diqqat qilaylik: “Har qanday san’at asari o‘z milliy, tarixiy zamini bilan mustahkam chatishib ketmas ekan, u san’at professional bo‘la olmaydi”.
Odil Yoqubov (1926 – 2009) hayoti va ijodini tahlil qilishga bag‘ishlangan “Odil Yoqubov xazinasidan” xotira-essesini bitdi. Odil Yoqubov – adabiyotimiz va ma’naviyatimiz maydonida katta fenomen edi. Uning “Ulug‘bek xazinasi” romani birdaniga o‘zbek romanchiligini yuksak sahnalarga ko‘tardi. Uning shaxs, ustoz, muharrir, rahbar, arbob sifatidagi fazilatlari hammamizga o‘rnak bo‘larli edi. Shukur Xolmirzayev uni “Shaxs – Yozuvchi” deb ulug‘lagan. Lekin, negadir, mustaqillik yillarining boshlaridan umrining so‘nggigacha bu buyuk adibga munosabat munosib darajada bo‘lmadi. Xalq bilan yozuvchi o‘rtasida sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. U o‘zini soyada qolgandek sezib yashashga majbur bo‘ldi. Bunday noqulay vaziyatda uncha-muncha shogird ham o‘zini olib qocha boshlaganiga bu ko‘hna tarix ko‘p guvoh bo‘lgan. Shunga qaramay, aynan o‘sha yillari jasorat bilan ana shu xotira-esse bitildi. U 2017-yili nashr yuzini ko‘rdi.
Ne’mat Aminov (1937 – 2005) xususida “Vijdon qo‘ng‘irog‘i” ma’rifiy qissasini yaratdi. Ehtimol, bu adib haqida undan boshqa hech kim bu qadar mufassal kitob yoza olmas edi. Chunki uning haqiqiy shogirdi, qadrdon ukasi, ta’bir joiz tutilsa, farzandidek edi. Shuning uchun qahramonini juda-juda yaqindan bilardi.
“Vijdon qo‘ng‘irog‘i” ma’rifiy qissasining yana bir o‘ziga xosligi bor. Biz xalq sifatida birovning shaxsiy, ayniqsa, oilaviy muammolariga kam daxl qilamiz, aksaran, ko‘rib, ko‘rmaslikka, bilib, bilmaslikka olamiz. Ammo bu asarda Ne’mat Aminovning shaxsiy fojialari ham qalamga olingan. U kishining birinchi oilasidan birgina qizi bor edi. Boshqa bolalar tug‘ilaverib, nobud bo‘lavergan. Oxiri yanga Buxorodan o‘lgan farzandi o‘rniga boshqa birov tuqqan bir o‘g‘il bolani uyga olib kelib, bu sirni eridan yashirgan. Sir oshkor bo‘lgach, Ne’mat aka uning ota-onasini surishtirib, qaytarib berishni aytgan. Ayoli ko‘nmagan. Ajrab ketishgan. Orada yana ancha mashmagalar bo‘lgan. Bu mojaroga birovlar aralashib, ishni badtar ishkal qilgan ham. Asarda hammasi ochiq yozilgan.
Ne’mat akaning qanday mehribon, insofli, adolatli kishi bo‘lganini ko‘z oldimizga keltirish uchun bir hayotiy voqeani aytsam. Bir kuni Yunusoboddan kelayotganda avtobusda u kishini uchratib qoldim. Yonlarida 12-13 yoshli bir o‘g‘ilcha bilan birga ketayotgan ekanlar. Keyin surishtirsam, bu o‘sha eru xotin ajralib ketishiga sabab bo‘lgan bolakay ekan. Bu paytda birinchi ayoli vafot etgan, bola sag‘ir qolgan, Ne’mat aka, baribir, unga otalik qilgan ekanlar...
Biz ijodi haqida so‘z yuritayotganimiz adib uch kishini o‘ziga chin ustoz deb biladi: N. Aminov, O. Yoqubov, I. G‘afurov. Ko‘ngildan kechadiki, endi u O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan uchinchi ustozi haqida ham bir hujjatli-ma’rifiy asar yaratsa, ko‘p yaxshi ish bo‘lar edi.
Tilga olganimiz ikki xonanda va ikki adib hayoti va ijodi haqida dissertatsiyalar yozilgan, yozilayotgandir ham. Biroq ular tor mutaxassislar o‘qishiga mo‘ljallangan bo‘ladi. Adib qalamidan chiqqan bu to‘rt asar esa omma uchun bitilgan. Keyin yozuvchi degani shaxsning ichki dunyosiga kira oladi ham.
Olimlarimizning ko‘ngliga kelmasin-u, bu to‘rt asar adabiyot va san’at uchun ham, ilm uchun ham, ehtimol, ular haqidagi dissertatsiyalardan ko‘ra foydaliroqdir ham.
Adibimiz hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ta’lim olgan. Bu uning uzoq yillar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi “San’at” bo‘limi mudiri bo‘lib ishlashida juda qo‘l keldi. Bu yerda u chinakam san’at tanqidchisiga aylandi. Xususan, musiqa sohasining buyuk-buyuk namoyandalari ijodini tahlili qilishga bag‘ishlangan ko‘plab maqola yoki esselar bitdi. “Oltin ovozlar” to‘plamidan Yu. Rajabiy, A. Abdurasulov, K. Otaniyozov, M. Uzoqov, O‘. Saidjonov, B. Zokirov, M. Yo‘lchiyeva, F. Umarov, Sh. Jo‘rayev, O. Xudoyshukurov, O. Otajonov, M. Dadaboyeva, R. Qurbonov haqidagi materiallar o‘rin olgan.
Adibimiz adabiyotga bolalar yozuvchisi sifatida kirib kelgan edi. Keyin jiddiy hikoyalar ham bitdi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida ham ishladi, “Mushtum”, “Gulxan” jurnallariga bosh muharrirlik qildi, “O‘zbekiston” nashriyoti bosh direktori o‘rinbosari bo‘ldi.
Dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqib, tahlil qilgan maqolalari bilan taniqli publitsistlarimizdan biriga aylandi ham. Publitsistikasi bilan bog‘liq bir nozik jihatni aytib o‘tmasa, bo‘lmas. O‘zbekistonimizning Xartang (Samarqand viloyati), Afshona (Buxoro viloyati), Shohimardon, Vodil (Farg‘ona viloyati), Olmos (Namangan viloyati) va boshqa ayrim qishloqlari – el orasida juda mashhur. Ammo bu birodarimiz o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq ahlining quvonch va tashvishlari, ijtimoiy muammolari, ajoyib, mehnatkash, fidoiy kishilari haqida matbuotda turkum maqolalar yozaverib, Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Jaloyirni elga tanitdi.
Xo‘sh, shuncha asarlarini tilga olganimizdan so‘ng bu taniqli adib va publitsist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1999) faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni (2026), shuningdek, Yoshlar ittifoqi (1990), Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotlari (2025) sohibi Ashurali Jo‘rayev ekanini fahmlagandirsiz, albatta?
Shu birodarimizning umriga umr qo‘shgan bo‘lsin.
Kitobxonlar undan yana va yana go‘zal asarlar kutib qoladi.
Sultonmurod OLIM,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.