Sharafli kasb egalari (+video)
Oramizdagi zamondoshlarimiz
O‘qituvchi va murabbiy. Oddiygina bu so‘zlar zamirida ulkan ma’no mujassam. Zero, har bir kasb egasi o‘qituvchining qo‘lida savod chiqaradi, ta’lim-tarbiya oladi.
So‘nggi yillarda pedagoglarga bo‘lgan e’tiborning kuchayishi bu sohadagi yondashuvlar tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Ilgari o‘qituvchining asosiy vazifasi ta’lim berish bilan belgilangan bo‘lsa, bugun unga o‘z kasbiy mahoratini muntazam oshirish, zamonaviy metodikalarni o‘zlashtirish, xalqaro va milliy baholash mezonlariga mos ravishda ishlash, o‘z natijasini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Malaka va milliy sertifikatlar asosida ustamalarning belgilanishi, yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, turli kasbiy ko‘rik-tanlovlarning tashkil etilishi esa o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga undamoqda. Bu jarayonda rag‘bat faqat mukofot vazifasini emas, balki pedagogni kasbiy rivojlanishga chorlovchi mexanizm sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
“Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi ham ana shu yangi yondashuvning muhim ko‘rinishlaridan biri sifatida ahamiyatlidir. Bunday tanlovlar orqali nafaqat eng ilg‘or pedagoglar aniqlanadi, balki ularning ish uslubi, metodik tajribasi va ta’lim jarayonida erishgan natijalari ommalashtiriladi.

Navoiy shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qariyb yigirma yildan buyon kimyo fanidan dars berib kelayotgan o‘qituvchi Dildora Razzoqova ham “Yil o‘qituvchisi” tanlovida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Bugungi kunda ta’lim tizimida yaratilayotgan barcha imkoniyatlardan samarali foydalanyapman, – deydi D. Razzoqova. – Mehnatim natijasida 70 foizlik ustamaga ega bo‘ldim. Milliy sertifikat orqali yana 20 foizlik ustama olyapman. Shuningdek, 100 foizlik ustama ham belgilangan.
Hozirda o‘qituvchi erishishi mumkin bo‘lgan ko‘plab yuqori natijalarga erishdim. Bugun pedagogning o‘z ustida ishlashi, malakasini oshirishi uchun imkoniyat va vaqt yetarli. Eng muhimi, o‘qituvchi o‘zining asosiy vazifasi – o‘quvchi bilan ishlashga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin.
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kunini paxta dalalarida o‘tkazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Bugun esa o‘qituvchi o‘z kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishga intilyapti. Buning natijasida ta’lim sifati ham oshib bormoqda.
Ta’limga bo‘lgan e’tibor, tizimda amalga oshirilayotgan islohot va yangiliklar, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar, avvalo, kelajagimizni ishonchli qo‘llarga topshirishga xizmat qiladi. Agar pedagogning maqomi va nufuzi shu tarzda izchil oshirib borilsa, albatta, eng rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilamiz.
Pedagoglarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga shaxsan o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ana shu e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar tufayli men ham o‘z ustimda ishlab, bu kabi tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lyapman.
To‘g‘risi, 2026-yilni o‘qituvchilar uchun yuksak e’tibor va imkoniyatlar yili bo‘ldi, deb hisoblayman. 208 nafar o‘qituvchining 616 million so‘m pul mablag‘i bilan taqdirlanishi ham pedagoglarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yana bir namunasidir. “Yil o‘qituvchisi” degan nom esa har bir pedagogning kasbiy faoliyatida erishishi mumkin bo‘lgan eng yuksak marralardan biri, deb o‘ylayman.

Albatta, bugun Dildora Razzoqova kabi o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashayotgan pedagoglarning e’tirof etilayotgani ham ta’lim tizimidagi katta o‘zgarishlarning bir qismi sifatida baholanmoqda. Ularning tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanish, muntazam izlanish va tinimsiz mehnat natijasida o‘qituvchi nafaqat shaxsiy yutuqqa, balki ta’lim taraqqiyotiga ham hissa qo‘sha oladi.
Ustozga ishonch ortgan joyda esa ta’limga ishonch ortadi. Ta’limga ishonch bor joyda esa jamiyatning ertangi kuniga ishonch mustahkamlanadi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (video), O‘zA muxbirlari