Seysmik ma’lumotlar aniqligi nimalarga bog‘liq? – Mutaxassis javob berdi
Geofizika sohasida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash bugungi kunda yer qa’ridan samarali foydalanishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, neft va gaz konlarini aniqlashda seysmik qidiruv usullarining o‘rni beqiyos bo‘lib, ularning samaradorligi olinayotgan ma’lumotlar aniqligiga bevosita bog‘liq.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” davlat muassasasida o‘tkazilgan ilmiy muloqot aynan shu masalalarga bag‘ishlandi. Unda soha mutaxassislari, yosh olimlar va talabalar ishtirok etib, zamonaviy geofizikaning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbirda turkiyalik geofizik olim O‘z Yilmaz o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, mazkur sohaning rivoji har bir davlat iqtisodiyoti uchun muhim omil ekanini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, tabiiy resurslarni aniq va samarali qidirish ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalarga tayanishni talab qiladi.

Olim ta’kidlaganidek, bugungi kunda kam chuqurliklarda seysmik qidiruv ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, ilg‘or uskunalardan foydalanish va olingan ma’lumotlarga puxta ishlov berish asosiy talablardan hisoblanadi. Xususan, ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida turli tuzatishlar kiritish asnosida natijalarning ishonchliligini oshirish mumkin.
– Seysmik ma’lumotlarning aniqligi bir qator omillarga bog‘liq. Xususan, ishlatilayotgan uskunalar sifati, tadqiqot metodikasi, ma’lumotlarni yig‘ish sharoiti va ularni tahlil qilish jarayoni bu boradagi natijada hal qiluvchi vositalardir. Zamonaviy yondashuvlar esa ushbu jarayonlardagi xatoliklarni kamaytirish, yer osti tuzilishini yanada aniqroq aks ettirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu kabi ilmiy seminarlar ham mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, yangi bilimlarni o‘zlashtirish va sohada innovatsion yechimlarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega, – dedi geofik olim.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan batafsil javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA