“O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotida respondentlarning 92 foizi iqtisodiy vaziyatni ijobiy baholagan
Bugun “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Jahon banki hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” (L2CU) tadqiqoti natijalariga bag‘ishlangan “Yashil va energiya tejamkor kelajak sari yo‘llar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotining natijalari muhokama qilindi.
Tadbir avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida to‘xtaldi:
— O‘zbekistonda so‘nggi yillarda energetika sohasiga 35 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilib, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 30 foizga yetkazilgani mamlakatning “yashil” transformatsiyasida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Jumladan, Strategiyada iqtisodiyotni “yashil” transformatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish ko‘zda tutilgan. 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami generatsiyadagi ulushini 54 foizga, ularning umumiy quvvatini esa 25 ming megavattga yetkazish maqsad qilingan. Bu energetika sohasini modernizatsiya qilish bilan birga, sanoat, transport, kommunal xo‘jalik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida yangi texnologik standartlarni joriy etishni ham anglatadi, — dedi E.Tulyakov.
Shuningdek, tadbirda Jahon bankining yetakchi iqtisodchisi Obert Pimxidzay va Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi siyosiy maslahatchisi Devid Pert ham so‘zga chiqib, O‘zbekistonda atmosfera havosi ifloslanishining holati, bunda issiqlik va energiya tizimlarining ta’siri haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Milliy energiya samaradorligini oshirishda soha olimlarining tadqiqotlari, tahlillari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Anjumanda Jahon banki hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” (L2CU) tadqiqotining so‘nggi natijalari taqdim etildi. Bu haqda Jahon bankining katta iqtisodchisi Ikuko Uochi va bankning atrof-muhit bo‘yicha katta mutaxassisi Yelena Strukova Golub xonimlar batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, 2018-yildan buyon O‘zbekistonda o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadqiqot natijalari fuqarolar orasida energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tishga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2025-yilda 4 ming 200 dan ortiq uy xo‘jaliklarining fikrlari o‘rganilgan.
Shuningdek, tadqiqot davomida O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, havo ifloslanishiga nisbatan aholi munosabati va jamoatchilikning bu boradagi fikrlari ham o‘rganilgan.
Xususan, 1 ming 326 ta uy xo‘jaliklarida o‘tkazilgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yuzasidan o‘rganishlarda respondentlarning 92 foizi O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyatni ijobiy baholagan. Mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmi yildan-yilga oshib borayotgani, kambag‘allik darajasi qisqarayotgani, xalqaro migratsiya 2023-yilga nisbatan kamaygani aytib o‘tildi.
Shuningdek, bandlik sharoitlari va biznes muhiti yuzasidan ham umumiy baholar ijobiy bo‘lgan. Inflyatsiya sur’atlari pasaygan bo‘lib, umumiy iste’mol narxlari indeksi yillik hisobda 2025-yil mart oyidagi 10,3 foizdan 2026-yil mart oyida 7,1 foizga tushgan. Kambag‘al aholi orasida oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar tarixiy jihatdan past darajada saqlanmoqda, og‘ir sharoitlarga moslashishning keskin choralaridan foydalanish holatlari esa hamon kamligicha qolmoqda.
Tadbirda Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat tashabbuslari hamda uy xo‘jaliklarining energiya tejamkorlikka tayyorgarlik darajasi masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, energiya samaradorligi bo‘yicha so‘rov natijalariga ko‘ra, tobora ko‘proq uy xo‘jaliklari uni kommunal to‘lovlarni kamaytirishning muhim yo‘li sifatida ko‘rmoqda. Biroq moliyaviy to‘siqlar hamon asosiy muammo bo‘lib qolmoqda — uy xo‘jaliklarining 61 foizi qo‘shimcha investitsiya kiritmaslikning asosiy sababi sifatida arzon va qulay moliyalashtirish imkoniyatlari yetishmasligini ko‘rsatgan.
[gallery-29098]
Quvonarlisi, so‘rov natijalari maqsadli subsidiyalar hamda energiya narxlari bo‘yicha innovatsion axborot va targ‘ibot yondashuvlari uy xo‘jaliklarining uy-joyni issiqlik izolyatsiyasi bilan ta’minlash, energiya tejamkor maishiy texnika, quyosh panellari va boshqa shu kabi yangilashlarga investitsiya kiritishga tayyorligini sezilarli darajada oshirishini ko‘rsatmoqda.
Tadbirning “Havo ifloslanishi va energiya samarasizligiga qarshi kurashish — O‘zbekistonda hayot sifatini yaxshilash yo‘llari” mavzusidagi asosiy panel muhokamalarida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari sohadagi mavjud muammolar va amaliy yechimlar yuzasidan fikr almashdi.
Muhokamalar davomida yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonida energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi, bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA