Senat: pilla parvarishlashda ilmiy asoslangan innovatsion texnologiyalar yetarli darajada joriy qilinmagan
Senat yalpi majlisida ipakchilikni rivojlantirish, pilla yetishtirish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ozuqa bazasini yaxshilash hamda ushbu sohaning eksport salohiyatini mustahkamlash yuzasidan Hukumatga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish orqali 470 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Fermer xo‘jaliklari dala chetlari, ariq-zovur bo‘ylari va o‘rmon xo‘jaligi yerlarida 29,2 million tup yakka qator tut ko‘chatlari ekilgan. Joriy yilda 30,1 ming tonna pilla yetishtirish hamda eksport hajmini 120 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yalpi majlisda 54 ming gektar tutzorlarning 15 ming gektaridan ortig‘i eskirgani, pilla parvarishlashda ilmiy asoslangan innovatsion texnologiyalar yetarli darajada joriy qilinmagani, mahsulot yetishtiruvchilarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalar yetishmasligi, qurt boqish xonalari sanitariya talablariga javob bermasligi, oziqlantirish va saqlash ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagani natijasida hosildorlik pastligicha qolayotgani kabi kamchiliklar tanqid qilindi.

Bundan tashqari, sohada ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini joriy qilish samarali tashkil qilinmagani, mahalliy urug‘lar ulushi pastligi natijasida urug‘larni import qilish ehtiyoji saqlanib qolmoqda. Qo‘shilgan qiymat zanjiri ham to‘liq shakllanmagan. Oqibatda yetishtirilayotgan pillaning atigi 30 foizi chuqur qayta ishlanmoqda.
Muhokama yakunida ipakchilikni rivojlantirishning ushbu dolzarb masalalari yuzasidan Senatning Hukumatga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA