«InfoCheck Central Asia» xalqaro xakatoni boshlandi
Poytaxtimizda 9- va 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Germaniyaning Gyote instituti bilan hamkorlikda «InfoCheck Central Asia» xalqaro xakatoniga start berildi.
Tadbirning ochilish marosimida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Azizbek Turdiyev hamda Gyote institutining O‘zbekistondagi filiali rahbari Barbara Anna Bernsmeyer qatnashib, loyihaning muhim jihatlari borasida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy o‘quvchining hayotini internet va raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ammo virtual olamdagi har bir notanish havola yoki xabar ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
Shu bois yosh avlodni kiberxavfsizlik qoidalariga o‘rgatish bugun ta’lim tizimining muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda.
Negaki, kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilishni o‘rgangan yoshlar kelajakda nainki o‘z ma’lumotlarini himoya qiladi, balki raqamli jamiyat taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shadi.

«InfoCheck Central Asia» xalqaro xakatonida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston yoshlari o‘z loyihalari bilan ishtirok etishmoqda.
3 kun davom etadigan musobaqalar doirasida 4 ta yo‘nalishda bahs olib boriladi. Dezinformatsiya va feyk kontentga qarshi yechimlar, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va kibergigiyena, kiberbullingning oldini olish, zamonaviy interaktiv ta’lim kontentini yaratish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.
Xakaton yakunida 1- va 2-o‘rin g‘oliblari Germaniyada bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro festivalga yo‘llanma oladi. 3-o‘rin g‘oliblari qimmatbaho maxsus sovrinlar bilan taqdirlanadi.
N.Usmonova, O‘zA