Sanoat korxonalarida sayyor o‘rganishlar o‘tkazildi
Bosh prokuror o‘rinbosari D.Kasimov, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Akbarov hamda ishchi guruh a’zolari tomonidan Toshkent va Samarqand viloyatlarida joylashgan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati o‘rganildi.
Sayyor tadbirlar davomida korxonalarning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari, eksport-import imkoniyatlari hamda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilindi.

O‘rganishlar davomida litsenziya talab va shartlari asosida faoliyatni samarali tashkil etish, belgilangan ishlab chiqarish quvvatlarining bajarilishi hamda sohada zamonaviy raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish holatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqarish korxonalaridan birida aksiz markalarini olish jarayonida muayyan texnik muammolar mavjudligi aniqlandi va ushbu masala joyida tezkorlik bilan bartaraf etilib, tadbirkorning uzluksiz ishlashi ta’minlandi.


Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu sohada jami 17 585 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat olib bormoqda. Shundan 4 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 36 tasi alkogol hamda 25 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, 427 ta korxona ulgurji savdo, 17 093 tasi esa chakana savdo yo‘nalishida band. Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash va yurtimizning eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zA